O‘zboshimchalik bilan yer egallamang, oqibati yaxshi bo‘lmaydi
Munosabat
Mamlakatimizda keyingi yillarda yer resurslarini muhofaza qilib, ulardan oqilona va maqsadli foydalanishni ta’minlash davlat belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Prezidentimizning 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek, yer ajratish, undan foydalanish va davlat kadastrini yuritish tizimini takomillashtirishga oid qonunlar bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Obod, to‘kin hayotimiz manbai bo‘lgan yer umummilliy mulk. Uni kelgusi avlodlarning ham farovon turmush kechirishi uchun avaylab asrash, o‘zboshimchalik bilan egallashlarning oldini olib, avlodlarga bezavol yetkazish faqat soha xodimlarining emas, balki xalqimizning muhim burchlaridan biridir. To‘g‘ri, sohaga oid hujjatlarda Kadastr agentligiga qator muhim vazifa va vakolatlar berilgan. G‘ayriqonuniy egallangan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, davlat yer kadastrini yuritish tartibiga rioya etmaslik kabi holatlar bilan bog‘liq ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish huquqiga ega. Yer munosabatlarida amaldagi qonunchiligimizga zid bu holatlarning oldini olishda jamoatchilik vakillari ham befarq bo‘lmasa, yerni o‘zboshimchalik bilan egallashga urinayotgan mahalladoshiga bu ishning oqibatlarini tushuntirib, qaltis harakatdan qaytarsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Mavridi kelganda aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni bilan faqatgina 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda qurilgan, o‘zboshimchalik bilan egallangan uy-joy va inshootlar qonuniylashtirilishi qat’iyan belgilab berildi. Qonun shu muddatdan keyingi yillarda sodir etilgan o‘zboshimchalik holatlariga ta’sir etmaydi va harakat ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Masalaning ana shu jihatlari aholi o‘rtasida keng tushuntirilayotgan bo‘lsa-da, ayrim shaxslar buni noto‘g‘ri talqin qilib, yerga oid huquqbuzarliklarni ataylab sodir etishga sababchi bo‘lmoqda.

Bu muammoning oldini olish uchun viloyatda yer qonunchiligiga rioya etilishi doimiy nazoratda bo‘lib, hududlarda muntazam maxsus nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi va uning tuman, shahar bo‘limlari xodimlari qonunlarga rioya etilishi yuzasidan tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib bormoqda. Biroq, ayrim shaxslar yerni o‘zboshimcha o‘zlashtirishning oqibatini bilsada, o‘zini bilmaslikka olib, qonun talablarini buzayotgani achinarlidir. Jumladan, yilning o‘tgan davrida nazoratchilarimiz 670 dan ortiq yer qonunchiligi buzilishi holatlariga duch keldi. Ulardan 320 ga yaqini kadastr inspektorlarining tushuntirish ishlari natijasida ixtiyoriy ravishda bartaraf etilib, yer uchastkalari avvalgi holatiga qaytarildi. Afsuski, belgilangan muddatda yerga yetkazilgan zarar ixtiyoriy bartaraf etilmagan holatlar yuzasidan sud organlariga davo arizalari kiritilib, qonuniy chora ko‘rilmoqda.

O‘rganishlar chog‘ida ayrim shaxslarning “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan yerni keyinchalik hujjatlashtirib olaman, degan noto‘g‘ri fikr bilan noqonuniy qurilishga qo‘l urib, alaloqibat ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilmoqda. Masalan, Kadastr agentligining Muzrabot tuman bo‘limi inspektorlari tumanning Olmazor mahallasida yashaydigan O‘ktam Go‘ro‘g‘liyev (ism-shariflar o‘zgargan) davlat zaxirasidagi yer maydonidan o‘zboshimchalik bilan 227,68 kvadrat-metr maydonni egallab olib, savdo do‘koni va bostirma qurib olganini aniqladi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-modda 3-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima jazosi qo‘llanildi. Noqonuniy qurilmalarni ixtiyoriy bartaraf etish bo‘yicha yozma ko‘rsatma ham berildi. Qiziriq tumani bo‘limi nazoratchilari Rabatak mahallasida yashaydigan Nodir Choriyevning ichki ko‘cha muhofaza hududidagi 100 kvadrat-metr yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, bostirma binosi qurganiga duch keldi. G‘ayriqonuniy egallanib, o‘zboshimchalik bilan bino qurgan bu shaxsga ham tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, noqonuniy qurilmani ixtiyoriy bartaraf etish yuzasidan muddat belgilanib, ogohlantirish xati berildi. Oqibatlari tushuntirildi. Qilmishidan pushaymon bo‘lgan N.Choriyev bostirma binosini o‘z hisobidan buzib, yer maydonini o‘z holatiga qaytardi.
Amaldagi qonunga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirganlik uchun qat’iy javobgarlik belgilab qo‘yilgan. Shu bois bunday qaltis harakatga aslo qo‘l urishga urinmaslikni tavsiya etamiz. Zero, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy qurilishlar barpo etish nafaqat qonunga zid harakat, balki jamiyat taraqqiyotiga jiddiy ta’sir etadigan xavfli illat hamdir.
Menglimamat Abdurahmonov,
Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA