O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash borasidagi xalqaro tashabbuslari e’tirof etildi
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning inson huquqlari bo‘yicha vakillari – ombudsmanlari bilan uchrashdi.
Eslatib o‘tamiz, xorijiy ombudsmanlar mamlakatimizda o‘tkazilgan “Raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlari: zamonaviy yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
Muloqotda inson huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish, parlamentlar, ombudsmanlar hamda milliy inson huquqlari institutlari o‘rtasida tajriba almashish va hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Inson huquqlarini ta’minlashda xalq bilan bevosita muloqotning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Senatorlarning hududlarda aholi bilan uchrashuvlari va sayyor qabullari, fuqarolar murojaatlarini o‘rganish, shuningdek, parlament nazorati mexanizmlari orqali qonunlar va davlat dasturlari ijrosini tahlil qilish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.

Bu jarayonda mahalliy kengashlar bilan yaqin hamkorlik qilish, hududlardagi real ehtiyoj va muammolardan kelib chiqqan holda qonunchilikni takomillashtirish takliflarini tayyorlash muhim yo‘nalishlardan biri ekani qayd etildi.
So‘z olganlar O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash borasidagi xalqaro tashabbuslari, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, shuningdek, inson huquq va erkinliklarini kafolatlash mexanizmlarini takomillashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional asoslarini yanada mustahkamladi. Jumladan, Senat va Ombudsmanga qonunchilik takliflarini kiritish huquqi berildi.

Ombudsmanning vakolatlari kengaytirilib, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish, inson huquqlari buzilishi holatlarini tekshirish, ogohlantirish va taqdimnomalar kiritish, zarur hollarda shaxslarni javobgarlikka tortish masalasini qo‘yish kabi muhim vakolatlar mustahkamlandi.
Muloqotda inson huquqlari umuminsoniy qadriyat va barcha uchun umumiy mas’uliyat ekani ta’kidlandi. Xalqaro huquq normalari va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, o‘zaro tajriba almashish hamda dolzarb masalalarga birgalikda yechim topish inson huquqlarini himoya qilish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA