AQSHda «Millat shavkati» kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSH)ning Filadelfiya va Nyu-York shaharlarida senator, siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Millat shavkati” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Mazkur asarda mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar faqat iqtisodiy yoki siyosiy jarayon sifatida emas, balki xalq tafakkuri va jamiyat ongidagi o‘zgarishlar sifatida tahlil qilingan. Har bir mahalla, har bir xonadon va inson hayotiga kirib borgan islohotlarning ildizlari, ularning shakllanish jarayoni hamda hayotiy asoslari aniq dalillar asosida bayon etilgan.
Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari Abdusaid Ko‘chimov va Husan Ermatov, AQSHda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlar, talaba-yoshlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

“Millat Shavkati” kitobida aks etgan asosiy g‘oyalar, eng avvalo, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli hamda ortga qaytmas islohotlarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangani qayd etildi.
Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan o‘tgan o‘n yilda O‘zbekiston xalqi hayotida bevosita aks etgan katta yutuqlarga erishdi. “Inson qadri uchun” tamoyili asosida davlat idoralarining xalqqa xizmat qilishi yaxshilandi. Mansabdor shaxslarning aholi bilan ochiq muloqoti yo‘lga qo‘yildi. Kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar va xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Taqdimot davomida Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakat hayotida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, ulkan bunyodkorlik ishlari amalda samara berayotgani e’tirof etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA