O‘zbekistonning 35 hududi uchun turizm strategiyasi ishlab chiqilmoqda
Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Boboqalonov Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida shaharsozlik, ofatlar xavfini boshqarish, barqarorlik va yer resurslarini boshqarish amaliyoti rahbari Piter Ellis bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar xususida batafsil ma’lumot berildi. Tomonlar mamlakatda turizmni iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlarni alohida ta’kidladi.

Muzokaralar chog‘ida Jahon banki vakillari tomonidan tashkilotning ustuvor faoliyat yo‘nalishlari, xalqaro tajribasi hamda turli mamlakatlarda amalga oshirilgan yirik loyihalar taqdim etildi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 35 ta tuman va shahar tanlab olingani hamda mazkur hududlarda Jahon banki ekspertlari ishtirokida 2050-yilgacha mo‘ljallangan strategik dastur ishlab chiqilayotgani qayd etildi.

Ushbu dasturda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, aholi bandligini oshirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va yangi ish o‘rinlari yaratish kabi ustuvor vazifalar qamrab olingan.

Muloqot yakunida tomonlar mazkur hamkorlik O‘zbekistonda turizm salohiyatidan yanada samarali foydalanish, hududlarni barqaror rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA