O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida turizm sohasida strategik hamkorlik kengaytiriladi
Osiyo taraqqiyot bankining 59-yillik yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov ACWA kompaniyasi asoschisi va direktorlar kengashi raisi hamda Saudiyaning Vision Invest kompaniyasi raisi Muhammad Abunayyan boshchiligidagi Saudiya Arabistoni delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida zamonaviy turistik klasterlarni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, energetika yechimlarini integratsiya qilish, transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy shaharsozlik yondashuvlarini qo‘llash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida qo‘shma ishchi guruh tuzish, amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda ustuvor investitsiya loyihalarini belgilash bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Janob Abunayyan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qiziqish bildirdi va o‘zbek delegatsiyasini 2026-yil oktabr oyida Ar-Riyod shahrida o‘tkaziladigan Investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, yuqori darajadagi xavfsizlik hamda mamlakatning ochiqligi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratayotgani alohida ta’kidlandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA