" O‘zbekistonni sevib qolganman"
O‘zbekiston Respublikasining Bryusseldagi elchixonasi tashabbusi bilan “Letʻs Discover” prodyuserlik kompaniyasi direktori Jon Linder Reynxard boshchiligidagi delegatsiya Buxoroda bo‘ldi.
Prodyuserlik kompaniyasining maqsadi – turizm salohiyatini jahon hamjamiyatiga keng namoyon qilish orqali yurtimizga keladigan sayyohlar oqimini oshirishdan iborat.


Ma’lumotlarga ko‘ra, Jon Linder Reynxard boshchiligidagi bir guruh fotograflar Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xiva kabi shaharlarda bo‘lgan. Chet el fotograflari olgan suratlar Yevropa mamlakatlaridagi gazeta va jurnallarda, turli ko‘rgazmalarda namoyish etiladi.


–So‘nggi yillarda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, madaniyati va san’ati Yevropada faol targ‘ib qilinmoqda, – deydi Jon Linder Reynxard. – Men dunyoning ko‘pgina mamlakatlari bo‘ylab sayohatda bo‘lganman. Lekin O‘zbekiston menda o‘zgacha taassurot qoldirdi. Shu bois har safar yurtingizga kelganimda o‘zim uchun yangi ma’lumot va lahzalarni kashf etaman. O‘zbekistonni sevib qolganman.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri