O‘zbekistonlik yosh rassomlar Bokudagi nufuzli xalqaro tanlovda g‘olib bo‘ldi
Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida Art-Fest-Asia xalqaro ijodiy tashkiloti tomonidan "Baku Art Fest" xalqaro ijodkorlar festivali va tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning turli mamlakatlaridan iste’dodli bolalar va yosh ijodkorlarni bir maydonga jamlab, tasviriy va amaliy san’at, musiqa, raqs hamda boshqa ijodiy yo‘nalishlarda o‘z mahoratini namoyish etish, madaniy almashinuvni rivojlantirish va do‘stona aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan festivalda mamlakatimiz rassomlari ham ishtirok etdi.

Jumladan, tanlov yakunlariga ko‘ra, Safiya Olimjonova hamda Ziyoda Po‘latova 1-o‘rinni, Soliha Po‘latova 2-o‘rinni, Aziza Po‘latova esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, E’zoza Isroilova Gran-pri sohibasi bo‘ldi.
Yosh ijodkorlarning mazkur yutug‘i ularning yuksak iste’dodi, tinimsiz mehnati hamda ustozlarining fidokorona sa’y-harakatlari samarasi bo‘lib, O‘zbekiston tasviriy san’at maktabining xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib borayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA