O‘zbekistonlik talabalar yadro texnologiyalari bo‘yicha xalqaro tadbirda ishtirok etdi
Yaqinda Rossiyaning Obninsk shahrida III Xalqaro "Obninsk Tex" qishki maktabi o‘z ishini yakunladi.
Unda 47 ta davlat va 32 ta oliy ta’lim muassasasidan jami 128 nafar talaba ishtirok etdi. Dastur Obninsk atom energetikasi instituti (“MMFI” Milliy tadqiqot yadro universiteti filiali) negizida "Rosatom" davlat korporatsiyasi ko‘magida tashkil etildi. O‘zbekistondan mazkur tadbirda “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentdagi filiali talabalari qatnashdi.
Safar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi ko‘magida amalga oshirildi.
Ishtirokchilar bir hafta davomida keng qamrovli ta’lim dasturida faollik ko‘rsatdi. Dastur doirasida dozimetriya, radiatsiya nazorati, AES uchun elektronika va avtomatika, 3D-modellashtirish hamda materialshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruzalar, master-klasslar, laboratoriya mashg‘ulotlari va jamoaviy loyihalar tashkil etildi. Shuningdek, ixtisoslashgan ob’ektlarga texnik safarlar ham uyushtirildi. Jumladan, A.I. Leypunskiy nomidagi Fizika-energetika instituti, "Rosatom" Texnika akademiyasi, A.F. Sыb nomidagi Tibbiy radiologiya ilmiy markazi hamda boshqa tashkilotlarga tashriflar amalga oshirildi.

“MMFI” Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentdagi filiali 4-bosqich talabasi Imron Masharipov qishki maktabda ishtirok etish unga kasbining amaliy jihatlarini yangicha baholash imkonini berganini ta’kidladi.
- Obninskka borishimdan oldin menda mustahkam nazariy baza mavjud edi. Turli texnologiyalar qanday ishlashini tushunar, ayrim qurilmalar qanday tuzilganini tasavvur qilardim. Obninskdan keyin esa nafaqat tushuncham, balki qabul qilishim ham o‘zgardi. Ilgari sxema va formulalar ko‘rinishida bo‘lgan bilimlarim amalda o‘z tasdig‘ini topdi. Men haqiqiy qurilmalarni, ularning ishlash jarayonini, sohaning infratuzilmasini ko‘rdim. Bu esa menga ishonch bag‘ishlab, jarayonlarni yanada yaxlitroq anglash imkonini berdi. Shuningdek, ITER loyihasida Rossiya tomonidan ishtirok etayotgan mutaxassis bilan uchrashuv ham esda qoldi. Mavzu murakkab bo‘lishiga qaramay, u termoyadro reaksiyasining asosiy tamoyillarini juda tizimli va tushunarli tarzda izohlab berdi. Men shundan hayratda qoldimki, bunday murakkab jarayonlar haqida ham chuqur va bir vaqtning o‘zida sodda qilib gapirish mumkin ekan. Ushbu ma’ruza termoyadro energetikasi istiqbollariga yangicha nazar bilan qarashimga turtki bo‘ldi, - dedi talaba.
Ishtirokchilar dasturning xalqaro formati muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Ularning fikricha, turli mamlakatlar vakillari bir maydonda uchrashib, birgalikda ishlashi ta’limga bo‘lgan turli yondashuvlar hamda yechimlarni izlashdagi usullarni ko‘rishim konini beradi.
Maktab doirasida jamoaviy musobaqalar va«XakAtom» loyiha tanlovi ham o‘tkazildi. O‘zbekistonlik talabalar yuqori tayyorgarlik darajasini namoyon etdi. Xususan, Artemiy Rajapov va Adibaxon Abduqodirova "Atom triatloni" musobaqasida II o‘rinni egalladi. Shuningdek, Artemiy Rajapov loyiha tanlovi sovrindorlari qatoridan joy oldi.
"Obninsk Tex" xalqaro maktabi “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universiteti hamda atom sanoati korxonalari ishtirokida tashkil etilayotgan ilmiy-ta’lim markazini rivojlantirish doirasida o‘tkazilmoqda. Loyiha atom energetikasini rivojlantirayotgan mamlakatlar uchun mutaxassislar tayyorlash va xalqaro professional hamjamiyatni shakllantirishga qaratilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA