Alisher Navoiyning ona tilimizni va millatimiz ruhini yuksaltirish yo‘lidagi shijoati
Jahon estetik tafakkurining buyuk namoyandasi hazrat Alisher Navoiy hayoti va ijodining asosiy konsepsiyasi, birinchidan, dunyoning eng boy tillaridan hisoblangan turkiy tilning qadri nechog‘liq yuksak ekanini nazariy va amaliy jihatdan isbotlash, ikkinchidan, turkiy millatning sha’ni va sharafini munosib darajada himoya qilish bo‘lgani ayon.
Aslida, VII- VIII asrlarda ajdodlarimiz tomonidan turkiy-run yozuvida O‘rxun-Enasoy toshbitiklarining, XI asrda “Devonu lug‘otit-turk” singari til qomusi va “Qutadg‘u bilig” dostonining, XII asrda esa “Hibat ul-haqoyiq”dek nodir badiiyat durdonasining yaratilishi natijasida turkiy tilning lug‘at boyligi va ifoda imkoniyatlari nechog‘liq keng ekani namoyon etilgan edi. Biroq keyingi asrlarda tilimizning adabiy til sifatidagi nufuzi nisbatan pasaya bordi. Turkiy millatning buyuk mutafakkirlari ham jahonga mashhur asarlarini arabiy yoki forsiy tilda yozdi. Natijada hazrat Navoiy badiiy ijod maydoniga kirgan XV asr ikkinchi yarmida turkiy til nafis adabiyot tili bo‘la olmasligi, bu tilda “Xamsa” singari gigant asarlarni yozish imkoni yo‘qligi haqida baralla so‘zlana boshlagan edi. Tabiiyki, bunday vaziyatga chinakam millatparvar ijodkor befarq qaray olmaydi. Hazrat Alisher Navoiy bunday nomaqbul holatga dastlab Sayyid Hasan Ardasherga masnaviy yo‘lida yozgan she’riy maktubida qat’iy munosabat bildirdi. Ma’lumki, hazrat Navoiy “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” asarida: “...farzand deb erdilarkim, o‘z havlim go‘shasida alar uchun bir muxtasar maskane alohida tartib qilib erdim, gohiki, mufrit riyozatlardin tab’larig‘a kalole voqe’ bo‘lsa erdi, xotirlari tashhizi uchun ul maskang‘a kelib, bir kun-ikki kun turub, yana xonaqohg‘a o‘z xilvatlarig‘a borurlar erdi”, deb bu ulug‘ zot bilan ota-boladek qadrdon bo‘lganini aytadi. U vafot etganda, hazrat Navoiy sohibi aza bo‘lib, ta’ziya qabul qilgan. Hatto Jo‘yi nav degan anhor suvi o‘tadigan keng va xushhavo yerda unga xilxona qurgan. She’riy maktubning alohida diqqat qaratish zarur bo‘lgan muhim jihatlari, birinchidan, ushbu masnaviy 1465-yili navqiron Alisher yigirma to‘rt yoshga kirgan kezlari yozilgan. Ikkinchidan, bu maktubda buyuk mutafakkir hayoti va ijodining asosiy konsepsiyasi – turkiy tilning adabiy til sifatidagi imkoniyati nechog‘liq yuksak ekanini isbotlash va millatning sha’nu sharafini, oru nomusini himoya qilish ruhiyati quvvatli ifodalangan. Jumladan, masnaviyda buyuk shoir mana bunday yozadi:
Men ul menki, to turk bedodidur,
Bu til birla to nazm bunyodidur.
Falak ko‘rmadi men kibi nodire,
Nizomiy kibi nazm aro qodire.
“Bedod” so‘zi lug‘atda “jabr, zulm, adolatsizlik” ma’nolarini anglatadi. Demak, yuqoridagi baytda hazrat Navoiy o‘zi haqda yozib, turkiy millatning jabr ko‘rgan, zulmga uchragan, adolatsizlik iztiroblarini tortgan bir farzandi ekaniga urg‘u bermoqda. “Men ul menki” degan ta’kid zamirida jabr ko‘rish darajasi boshqalardan ham ko‘ra unda yuz chandon og‘irroq bo‘lganini anglatadi. Chunki oddiy avom millatparvar bilan mutafakkir millatparvar qalbidagi dardning miqyosi, tabiiyki, bir xil bo‘lmaydi. Masnaviyning davomida buyuk shoir turkiy tilda qachondan beri nazm ijod qilinayotgan bo‘lsa, falak Nizomiy darajasida nazmga qodir bo‘lgan mendek nodir siymoni ko‘rmagan, deya faxriya bitgan. Holbuki, ushbu she’riy maktub yozilgan davrda hazrat Navoiyni Navoiy qilgan “Xamsa” hali yaratilmagan, “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotiga tartib berilmagan, “Lison ut-tayr”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Mahbub ul-qulub” va hokazo eng mashhur asarlari dunyo yuzini ko‘rmagan edi. Hali endigina “Ilk devon” ko‘chirilib, muxlislar qo‘liga yetib borgan edi. Yuqoridagi faxriya shundan darak beradiki, o‘sha kezlariyoq hazrat Navoiy o‘z qalamining kuchini, turkiy so‘zning qudratini chuqur his qilgan va keng miqyosda e’tirof qozongan.
Uchinchidan, hazrat Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida hayot va ijod mohiyatini mana bu tarzda ta’sirli ifodalaydi: “Bo‘lurdin dahr bo‘stonida mavjud, Emasdur g‘ayri so‘zu dard maqsud”. Bu o‘rinda “so‘z” – kuydirish, o‘rtash ma’nolarida. Demak, ulug‘ bobokalonimiz ta’biricha, insonning dahr bo‘stoniga kelishidan, tirikligidan murod – so‘zu dard. Qalbda ishq otashi, yurakda dard bo‘lmasa, yashamoqning mazmuni yo‘qoladi. Agar badiiy asar ana shu dardu so‘zdan mahrum qolsa, zarracha ham qimmatga ega bo‘lolmaydi. Mana bu baytda ana shu ijodiy-ruhiy holat bor murakkabligi bilan aks etgan:
Ne nazme der ersam meni dardnok -
Ki, har harfi bo‘lg‘ay aning durri pok.

Buyuk shoir nazmda nimaiki yozsa, mohiyatan dard bilan yo‘g‘rilganini, uning har bir harfi pok bir dur ekanini alohida ta’kidlayapti. O‘sha kezlari hazrat Navoiyni qiynagan eng og‘ir dard tilining kamsitilayotgani, millat estetik tafakkuri takomilining asosi bo‘lgan milliy adabiyotning buyuk mutafakkir ideali darajasida yuksaklikka ko‘tarila olmayotgani edi. Buning uchun muayyan sharoit yetilmog‘i, nazm beshasining sheri maydonga kelmog‘i taqozo etilardi.
Yetar Tengridin oncha quvvat manga -
Ki, bo‘lmas bitiriga fursat manga.
Buyuk shoir o‘ziga ana shunday quvvat ato etilganini teran his etgan. Bu quvvatni Tangridan yetgan deb hisoblashi uning e’tiqodi tuz, komil musulmon bo‘lganidan dalolat beradi. Bu quvvatning miqyosi shu darajadaki, ilohiy zavq bilan quyilib kelgan so‘z javohirlarini bitib ulgura olmaydi, hatto bunga fursat ham topish mahol.
To‘rtinchidan, hazrat Navoiy she’riy maktub uchun aruzning mutaqorib bahrini – mutaqoribi musammani mahzuf vaznini tanlagan. Taqti’i quyidagicha:
faulun faulun faulun faal
V – – / V – – / V – – / V –
Ma’lumki, Sharq she’riyatining nodir namunalari hisoblangan Abulqosim Firdavsiyning mashhur “Shohnoma”si, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”i, jangnoma ruhidagi asarlar ana shu vaznda bitilgan. Buyuk mutafakkir ota va pir maqomida ko‘rgan Sayyid Hasan Ardasherga atalgan nazmiy maktubni nima uchun aruzning boshqa sokin, lirik talqinga mos bahrida emas, jangnoma ruhidagi asarlarga monand mutaqoribda yozdi, degan savol, tabiiyki, ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Buning birinchi sababi, mutaqorib bahrining turkiy xalqlar she’riy tizimi – barmoqning eng faol shakllaridan bo‘lgan o‘n bir bo‘g‘inli vazniga juda uyg‘un ekani bo‘lsa, ikkinchi sababi o‘sha davrda hukm surgan turkiy tilga noto‘g‘ri munosabat bilan bog‘liq. Ulug‘ millatparvar keyinchalik “Muhokamat ul-lug‘atayn”da bitilgan mana bu fikrlarida buni quyidagicha ta’sirli ifodalagan: “Bu ehtimolga xud yo‘l bersa bo‘lmaskim, turk ulusining xushtab’lari majmui sort tili bila nazm aytqaylar va bilkull turk tili bila aytmag‘aylar, balki ko‘pi ayta olmag‘aylar va aytsalar ham sort turk tili bila nazm aytqandek fasih turklar qoshida o‘quv va o‘tkara olmag‘aylar va o‘qusalar, har lafzlarig‘a yuz ayb topilg‘ay va har tarkiblarig‘a yuz e’tiroz vorid bo‘lg‘ay”.
Buyuk shoirni yigirma to‘rt yoshidayoq ana shu savol qiynagan, ko‘zlaridan uyquni, qalbidan halovatni olgan: “Bu ehtimolga xud yo‘l bersa bo‘lmaskim, turk ulusining xushtab’lari majmui sort tili bila nazm aytqaylar va bilkull turk tili bila aytmag‘aylar”. Holbuki, mazkur she’riy maktub yozilgan davrda ayni shunday vaziyat hukmron edi. “Turk ulusining xushtab’lari” aksar o‘z ona tillarida emas, forsiy tilda asarlar yozar, turkiy tilda fasohat va balog‘at bilan so‘z aytishni mumkin bo‘lmagan hol sifatida qarar edi. Ijodiy quvvati benihoya baland, qalbida millatparvarlik tuyg‘usi kuchli bo‘lgan hazrat Navoiyni ana shu hol chuqur iztirobga solgan. Shuning uchun ham u nazmiy maktubda forsiy she’riyatning buyuk namoyandasi, “Shohnoma” asari bilan ma’lum va mashhur bo‘lgan Abulqosim Firdavsiy nomini tilga olib, ijod musobaqasida uni mag‘lub eta olishini zamondoshlari ongi va qalbiga chaqmoqdek ta’sir qiladigan so‘zlar bilan betakror talqin etadi:
Bu maydonda Firdavsiy ul gurd erur -
Ki, gar kelsa Rustam javobin berur.
Raqam qildi farxunda «Shahnoma»e -
Ki, sindi javobida har xomaye.
Musallamdurur zohiran bu ishi -
Ki, ma’razg‘a kelmaydurur har kishi.
Buyuk bobokalonimiz talqinicha, she’riyat maydonida Firdavsiy gurd, ya’ni zabardast pahlavon. Shu darajadaki, hatto Rustami doston kelsa ham, yelkasini yerga tekkiza oladi. Mashhur “Shohnoma”ni yozganda, kimki unga javoban shunday asar bitmoq istagan bo‘lsa, barchasining qalami sindi, ya’ni javob yozishga quvvati yetmadi. Zohiran, bu ish ungagina munosibday, boshqa hech kim ijodda bu darajaga erisha olmaydiganday ko‘rinadi.
Dedi o‘z tili birla ul koni ganj:
“Ki, si sol burdam ba «Shahnoma» ranj”.
Bu o‘rinda hazrat Navoiy ijodiy munozaraning, bahs madaniyatining yuksak namunasini ko‘rsatadi. Firdavsiyning ham hurmatini joyiga qo‘yib, uni so‘z xazinasining koni, deya ta’riflaydi. U o‘z tili bilan “Shohnoma”ni yozish uchun o‘ttiz yil ranj chekkanini, mashaqqat tortganini aytgan, deya buning dalili sifatida buyuk shoir so‘zlaridan iqtibos keltiradi.
Ani derga bo‘lsa qachon rag‘batim,
Erur oncha Haq lutfidin quvvatim -
Ki, har necha nutq o‘lsa kohilsaroy,
Bitigaymen o‘ttuz yilin o‘tuz oy.
Agar xossa ma’no gar iyhom erur,
Aning kunda yuz bayti halvom erur.
Ya’ni hazrat Alisher Navoiy mabodo Firdavsiy “Shohnoma”siga javob yozish istagi tug‘ilsa, Haq taoloning lutfi tufayli ijodiy quvvatim shu darajadaki, nutq nechog‘liq sustlik ko‘rsatmasin, uning o‘ttiz yilda yozganini o‘ttiz oyda bita olaman, deya alohida ta’kidlaydi. Agar xossa ma’no yoki iyhom san’ati asosida yozish talab etilsa ham, uning (ya’ni Firdavsiyning) yuz baytini bitish men uchun xuddi halvo yeyish kabi oson, deb ijodiy salohiyati qanchalik baland ekanini bildiradi. O‘ttiz oy – ikki yarim yil, demakdir. Bunday fikrni aytish va yuksak saviyada uddalash uchun ijodkor nechog‘liq benazir iste’dodga, naqadar hadsiz taxayyul olamiga va qanchalar ulkan ijodiy tafakkurga ega bo‘lishi kerakligini tasavvur eting.
Yigirma to‘rt yoshida turkiy tilning eng boy til ekanini isbotlash, millatning sharafini munosib himoya qilish singari ulug‘ maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan va buning uchun kurash maydoniga tushganini e’lon qilgan hazrat Navoiy bu boradagi faoliyatini izchil takomillashtirib bordi. “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida buyuk mutafakkir turk shoirlarining forsiy tilda ijod qilishga rag‘bat ko‘rsatishlarining sababini, birinchidan, ular turkiy tilning fasohati va balog‘atidan xabardor emasliklari, ikkinchidan, nazmiy an’analar birqadar rivojlangani bois forsiyda ijod qilish nisbatan osonroq ekani bilan izohlaydi. Odamzodning tabiati, odatda, shunday: oson turganda o‘zini qiynashni istamaydi. Hazrat Navoiy turkiy tilning forsiyda uchramaydigan xususiyatlarini alohida ajratib ko‘rsatadi. Buyuk mutafakkir bunday xususiyatlardan to‘rttasini ilmiy jihatdan asoslagan:
Turkiyda umumiy tushunchalarni anglatuvchi so‘zlardan tashqari juz’iy tushunchalarni bildiruvchi so‘zlarning ko‘pligi. Akademik Alibek Rusvtamov fikricha: “Navoiy forsiyda muodili bo‘lmagan yuzta fe’lning ro‘yxatini beradi va turli sohalarga oid buyum, tabiiy hodisa, hayvon va parranda ismlarini keltiradi va ularning ba’zilariga she’riy misol keltirib, ma’nolarini tushuntirib beradi. Undan tashqari, bunday turkiy so‘zlarning ayrimlari fors tilida ham qo‘llanishini aytib o‘tadi”. Hazrat Navoiy, jumladan, mashhur shoirlar may ta’rifida mubolag‘a qilganlarini ta’kidlar ekan, turkiydagi “sipqarmoq” lafziga to‘xtalib, mubolag‘ani bundan ham o‘tkazib bo‘lmasligini aytadi va mana bu baytni misol sifatida keltiradi:
Soqiyo, tut bodakim, bir lahza o‘zumdin boray,
Shart bukim, har necha tutsang labo-lab sipqaray.
Ushbu bayt hazrat Navoiyga shu darajada zavq beradiki, asosan ilmiy uslubga qat’iy amal qilingan asarning shu o‘rnida hayajonini yashirib o‘tirmaydi: “Oyo! Bu “sipqaray” lafzi mazmunig‘a yetganda, forsiy she’rda ne iloj qilg‘aylar? Va “tomshimoq”ki, g‘oyat zavqdin bot ichmas va lazzat topa-topa, oz-oz ichar. Bu g‘arib ma’ni adosida turkchada bu matla’ bordurki, bayt:
Soqiy chu ichib, manga tutar qo‘sh:
Tomshiy-tomshiy ani qilay no‘sh”.
Turkiyda shakldosh so‘zlarning ko‘pligi tajnis va iyhom san’atlari uchun zarurdir. Hazrat Navoiy “ot” so‘zi asosidagi tuyuqni bunga misol qilib keltiradi: “Masalan: ot lafziki, bir ma’nisi icmdur, yana bir ma’nisi markabdur va yana bir ma’nisi amrdurki, toshni yo o‘qni ot, deb buyurg‘aylar. Bu tajnisda mundoq deyilibdurkim, bayt:
Chun pari-yu hurdur oting, begim,
Sur’at ichra dev erur oting, begim,
Har xadangikim, ulus andin qochar,
Notavon jonim sari oting, begim.
Va bu ikki baytki, tajnisi tomdur, ham turk shuarosi xossasidurki, sortda yo‘qtur va muni tuyug‘ derlar”. Asarda forsiyda uchramaydigan shakldosh so‘zlarga bundan ham boshqa ko‘p misollar berilgan. Masalan: “Va ko‘k lafzin ham necha ma’ni bila iste’mol qilurlar. Biri ko‘k – osmonni derlar. Yana ko‘k ohangdur. Yana ko‘k tegrada ko‘klamakdur. Yana ko‘k qadog‘ni ham derlar. Yana ko‘k sabza va o‘langni dag‘i derlar.
Bu nav’ alfoz hamki, uch ma’ni va to‘rt ma’ni va ortug‘roqkim, iroda qilsa bo‘lg‘ay, ko‘p borki, forsiy alfozda andoq yo‘qtur”
Turkiyda forsiy tilda bo‘lmagan, lekin nutq uchun zarur bo‘lgan siyg‘a (grammatik forma, fe’l shakllari – N.J.) va tarkiblarning mavjudligi. Hazrat Navoiy turkiy tilda inson harakati, holati bilan bog‘liq nozik ma’nolarni ifodalashda ayni shunday siyg‘alar qo‘llanishiga aniq misollar keltiradi.Masalan,bir ishni kimdir bajarishiga gumon qilinganda, unga nisbat berish uchun borg‘udek, yorg‘udek, kulgudek, bilgudek, aytqudek, qaytgudek, urg‘udek, surg‘udek kabi so‘zlar ishlatilishi aytiladi. Bu so‘zlar Qashqadaryo va Surxondaryo shevalarida hozir ham faol qo‘llanadi. Jumladan, borg‘udek so‘zi – boradigan shashti bor, bilgudek – imkon berilsa, aniq bilib oladi, degan ma’nolarni anglatadi. Buyuk mutafakkir “...ammo munda diqqat ko‘ptur... va bu forsiyda bo‘lmas”, deya ta’kidlaydi. Yoki forsiy tilda uchramaydigan bila ko‘r, qilako‘r, ketako‘r va yetako‘r singari siyg‘alardan mubolag‘a iroda qilinishini aytadi.
Turkiyning tovush xususiyati qofiya uchun fors tilinikiga nisbatan qulayroq ekani. Hazrat Navoiy biror rang yo sifatni orttirib, mubolag‘a bilan ifodalash imkoniyati turkiy tilda keng ekaniga alohida urg‘u beradi. Bunga misol qilib, avvalgi harfga bir “p” yoki “mim” qo‘shish orqali rang yoki sifatni orttirish mumkinligiga urg‘u beradi. Masalan, op-oq, qop-qora, qip-qizil, sap-sarig‘, yup-yumaloq, yap-yassi, op-ochug‘, chup-chuqur, bu nav’ xili ham topilur; «mim» misoli: ko‘m-ko‘k, yam-yashil, bo‘m-bo‘z. Yoki ayrim so‘zlarga “lom” bilan “vov”ni qo‘shish orqali ham tovush jihatdan bir-biriga uyg‘un so‘zlar yasalishi ta’kidlanadi. Jumladan, hirovul, qarovul, chingdovul, yankovul, so‘zovul, patovul, kitpovul, yasovul, bakovul, shig‘ovul va daqavul so‘zlarini bunga dalil qiladi. Bular barchasi nazmiy asarda qofiya uchun qulay ekani turkiy tilning fasohati baland ekanini tasdiqlaydi.
Hech bir zamonda ahamiyatini yo‘qotmaydigan ushbu qarashlar buyuk mutafakkirning turkiy tilni kompleks o‘rganish va forsiy til bilan komparativistik tahlil etishda nainki ilmiy-ijodiy tafakkur asosida, balki qalb qo‘ri bilan ham yondashganidan dalolat beradi. Hazrat Navoiyning ta’kidlashicha, bunday daqiq misollar nihoyatda ko‘p, faqat “...bu kunga degincha hech kishi haqiqatig‘a mulohaza qilmag‘on jihatdin bu yashurun qolibdur”.
Asardagi tahliliy fikrlar yana shundan darak beradiki, hazrat Navoiyning millatparvarligi milliy ruhiyatning teran ildizlaridan oziqlanadi va yuksak ilmiy-nazariy salohiyatga asoslangan. Bu tuyg‘u ulug‘ mutafakkir qalbidagi sobit e’tiqod va yoniq muhabbat bilan uyg‘unlashib ketgan

“Muhokamat ul-lug‘atayn”da hazrat Navoiy turkiy tilning dunyo tillari orasidagi o‘rni nechog‘liq baland ekani haqida mana bunday yozadi: “...uch nav’ tildurkim, asl va mo‘tabardur va ul tillar iborot gavhari bilan qoyilining adosig‘a zevar va har qaysining furu’i bag‘oyat ko‘ptur. Ammo turkiy va forsiy va hindiy asl tillarning mash’aidurki, Nuh payg‘ambar salovatullohi alayhining uch o‘g‘lig‘akim, Yofas va Som va Homdur, yetishur”.
“Asl tillarning mansha’i” – bu hazilakam ta’rif emas. “Mansha’ – bir narsaning chiqib kelgan o‘rni, kelib chiqish joyi, boshlanishi” demakdir. Ma’lum bo‘ladiki, bizning tilimiz boshqa asl tillarning kelib chiqishiga asos, zamin bo‘lgan tillardan va biz dunyoning eng qadim millatlaridan ekanmiz. Ona tilimiz tarixini ana shu asosda ilmiy manbalarga tayangan holda yanada chuqurroq o‘rganish zaruratini kun tartibiga qo‘yadi bu ilmiy qarash.
Millat va milliylik masalasi hazrat Navoiy uchun konseptual ahamiyatga ega bo‘lgani ayon. Buyuk mutafakkir millatni har ikki ma’noda – etnik va e’tiqodiy birlik sifatida ham teran anglagan, asarlarida shunday talqin etgan. Turkiy millat vakili sifatida ona til ravnaqini ta’minlash nechog‘liq muhim ekanini boshqalardan ko‘ra chuqurroq his qilgan. Shuning uchun ham hazrat Navoiy turkiy tilning so‘z boyligi va ifoda imkoniyati forsiydan ko‘ra bir necha barobarga katta ekanini “Muhokamat ul-lug‘atayn”da chog‘ishtirma tahlil asosida ilmiy-nazariy jihatdan dalillagan bo‘lsa, “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoniy” kulliyoti, “Lison ut-tayr”, “Mahbub ul-qulub” va shu kabi o‘ttizga yaqin asarlari orqali amalda ham namoyon etdi. “Xamsa”ning ikkinchi dostoni – “Farhod va Shirin”da ulugʻ millatparvar buyuk salaflari bilan nazm saltanatini bo‘lishib oladi, qaysi bir qavm kimga tegishli ekaniga oydinlik kiritadi. Nizomiy Ganjaviy Ganja, Barda hamda Rumni olsa, Xusrav Dehlaviy til tig‘i bilan Hindistonni fath etsa, Abdurahmon Jomiy Ajam bilan Arabda shonu shavkat nog‘oralarini chaldirsa, turk qavmini “xud meningdir”, deya faxriya aytadi.
Darhaqiqat, buyuk Alisher Navoiy benazir asarlari bilan turkiy qavmni izzat taxtiga yuksaltirdi. O‘zi esa maoniy va fasohat mulkining sohibqironi sifatida qo‘shin tortmay turib, nazm lashkarlari bilan Xitodan (Sharqiy Turkistondan) Xurosongacha, undan Sherozu Tabrizgacha bo‘lgan asosan turkiylar yashagan hududlarni farmoniga bo‘ysundirdi. “Devonu lug‘otit-turk”da yozilganidek, turkiy tildagi “mon” qo‘shimchasi “emas” inkor ma’nosini anglatadi. Yuqoridagi she’riy iqtibosda keltirilgan “turkmon” qardosh turkmanlarni bildirmaydi. Turk deyilganda, turkmanlar ham nazarda tutilgan. Shunga ko‘ra, “turkmon” – turkiy bo‘lmagan xalqlar, demakdir. Ma’lum bo‘ladiki, o‘sha davrdayoq hazrat Navoiyning so‘ziga – nainki turkiy millat, balki turkiy bo‘lmaganlar ham ko‘ngillariniyu jonlarini bergan. Buyuk shoir lutf etganidek, qaysi bir yurtni zabt etmoqchi bo‘lsa, nazmiy devonini yuborishining o‘ziyoq kifoya qilgan, ular so‘z lashkariga qalban va fikran taslim bo‘lgan.
Hazrat Navoiy turkiy millatning yagona adabiy tili bo‘lishi, bu tildagi adabiyot yuksak darajada taraqqiy etishi uchun xizmat qilishni hayotiy a’moli deb bildi. Butun ijodiy quvvatini ana shu maqsad yo‘liga safarbar etdi. Eng muhimi, bunga erisha oldi. “Lison ut-tayr” dostonida ulug‘ shoir bu haqda mana bunday yozadi:
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.
Haqiqatan, buyuk mutafakkir turkiy millatni bir til va bir adabiyot bayrog‘i atrofida yakqalam qildi – birlashtirdi. Zamondoshi va do‘sti, temuriyzoda hukmdor Sulton Husayn Boyqaro ta’biri bilan aytganda: “Turkiy tilning o‘lgan jasadig‘a Masih anfosi bila ruh kiyurdi”. Qariyb yuz ming baytli benazir adabiy-ilmiy merosi bilan turkiy tilning dunyo tillari orasida mumtoz o‘rin egallashini amalda ham isbotladi.
Bugungi kunda turkiy xalqlarning o‘rta bir tilini yaratish zarurati haqida so‘zlanyapti. Bizningcha, agar shunday tilga ehtiyoj sezilsa, bu, shubhasiz, Alisher Navoiy tili bo‘lishi kerak. Chunki buyuk Navoiy o‘sha murakkab va ziddiyatli zamonda turkiy tilning xalqaro miqyosdagi e’tirofini ta’min etdi. Teran falsafiy-irfoniy mazmun va betakror badiiy shakl sintezining mumtoz namunalari bo‘lgan asarlari bilan turkiy adabiyotni jahon estetik tafakkurining cho‘qqisiga olib chiqdi. Bu asarlar bugungi kunda ham barhayot turkiy ruhiyat ifodasi orqali bashariyatni xalqimizga xos kengfe’llikka, o‘zaro dushmanlikni bartaraf etishga, tinchlik-ofiyat va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, kamol kasb etishga da’vat etib kelayotir.
Nurboy Jabborov,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent
davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori,
filologiya fanlari doktori, professor.
O‘zA