O‘zbekistonlik mutaxassislar raqamli kriminalistika texnologiyalari bo‘yicha Xitoyda malaka oshirdi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Dalyan shahridagi Politsiya institutida tashkil etilgan «Raqamli kriminalistika texnologiyalari» mavzusidagi seminarda ishtirok etdi.
Tadbir doirasida raqamli dalillarni to‘plash va saqlashning normativ-huquqiy asoslari, fayl tizimlari, shikastlangan, o‘chirilgan va shifrlangan ma’lumotlarni qayta tiklash, kompyuter xotirasi tasvirlarini tahlil qilish, shuningdek, Xitoyda ishlab chiqilgan maxsus apparat-dasturiy vositalar imkoniyatlari o‘rganildi.
Mobil kriminalistika yo‘nalishida smartfonlar, planshetlar va boshqa elektron qurilmalardan ma’lumotlarni ajratib olish, shifrlangan messenjerlar hamda bulutli saqlash xizmatlarini tahlil qilishning zamonaviy usullari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, seminarda audioyozuvlarni shovqinlardan tozalash, ovoz bo‘yicha shaxsni identifikatsiya qilish, yozuvlarning haqiqiyligini aniqlash, deepfake-audio va montaj izlarini fosh etish, shuningdek, foto va videotasvirlarni identifikatsiya va verifikatsiya qilish usullari o‘rganildi.

Mazkur seminar mutaxassislarning raqamli kriminalistika, sud-ekspertiza va jamoat xavfsizligi sohasidagi kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirishga xizmat qildi.
N.Abduraimova, O‘zA