Milliy hunar — avlodlar merosi
FOTOREPORTAJ
Qo‘lda yaratilgan har bir hunarmandchilik buyumida milliy ruh, tarix va avlodlar xotirasi mujassam. Ayniqsa, ustozdan shogirdga o‘tib kelayotgan qadimiy hunarlarni asrab-avaylash xalqning boy madaniy merosini saqlash va kelgusi avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Shumanay tumanida yashovchi Nazarboy Qadirimbetov ana shunday ezgu maqsad yo‘lida mehnat qilayotgan mohir hunarmandlardan.
Uning qo‘lida oddiy yog‘och milliy musiqa asboblariga aylanib, o‘zidan betakror ohang taratadi. Dutor, qo‘biz, g‘ijjak, nay va chinqo‘biz kabi cholg‘u asboblarining har biriga usta yillar davomida orttirgan tajribasi, nozik didi va milliy hunarga bo‘lgan mehrini singdirgan.
Ayni paytda hunarmand o‘z tajribasini yosh avlod bilan baham ko‘rishga alohida e’tibor qaratyapti. U tumandagi bolalar musiqa va san’at maktabida o‘quvchi-yoshlarga milliy cholg‘u asboblarini yasash, ularga ishlov berish va bu jarayondagi nozik jihatlarni o‘rgatib kelmoqda.
– Dutor, qo‘biz, g‘ijjak, nay, chinqo‘biz kabi milliy musiqa asboblarini yasashni marhum ustozim Ozod Otarboyevdan o‘rganganman, - deydi hunarmand Nazarboy Qadirimbetov. – Men ham o‘z navbatida bilganlarimni yoshlarga o‘rgatyapman. Bugungi kunda bu hunar bilan shug‘ullanadigan ustalar juda kam. Yoshlar uni puxta o‘rgansa, ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan an’analarimiz uzluksiz davom etadi.
Nazarboy ustaning ijodiy izlanishlari milliy cholg‘u asboblari yasash bilan cheklanib qolmagan. U yog‘ochdan turli suvenirlar, shuningdek, kemalar maketlarini tayyorlashni ham yo‘lga qo‘ygan. Nozik did va yuksak mahorat bilan ishlangan bu buyumlar milliy hunarmandchilikning o‘ziga xos namunalari sifatida e’tirof etilmoqda.
[gallery-31551]
Hunarmandning ko‘p yillik samarali mehnati, milliy hunarmandchilikni rivojlantirish va uni yoshlarga o‘rgatish borasidagi fidoyiligi munosib taqdirlangan. U 2024-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining qarori bilan «Vatan fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA