O‘zbekistonlik hakamlar mundial oldidan AQSHdagi yig‘inni boshladi
Joriy yilning 11-iyun — 19-iyul kunlari AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida nafaqat milliy terma jamoamiz futbolchilari, balki o‘zbekistonlik hakamlar ham faoliyat yuritadi.
FIFA tomonidan 2026-yilgi mundial uchrashuvlarini boshqarish uchun jalb etilgan bosh hakam Ilgiz Tantashev hamda yordamchi hakamlar Andrey Sapenko va Timur Gaynullin AQSHga yetib bordi.

Ayni kunlarda hamyurtlarimiz FIFA tomonidan tashkil etilgan maxsus o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etib, jismoniy va nazariy tayyorgarlik ustida ish olib bormoqda. Mazkur yig‘inlar mundial bahslarida ishlaydigan hakamlar uchun muhim tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi.
Ta’kidlash joiz, Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etadigan O‘zbekiston milliy terma jamoasi qatorida mamlakatimiz hakamlarining ham mundial o‘yinlariga jalb etilishi o‘zbek futbolining xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA