O‘zbekistonlik Dilshod Narzillayev xalqaro musiqachilar tanlovining rasmiy laureati sifatida e’tirof etildi
Bryussel shahrida dunyoning eng nufuzli musiqiy tanlovlaridan biri sanalgan "Queen Elisabeth Competition" xalqaro violonchelchilar tanlovi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, tanlovda ishtirok etish uchun turli mamlakatlardan jami 185 nafar yosh violonchel ijrochisi ariza topshirgan. Saralash bosqichi natijalariga ko‘ra, ularning 64 nafari tanlovning birinchi bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Keyingi bosqichlarda raqobat yanada kuchayib, ikkinchi turga 24 nafar ishtirokchi saralab olindi. Final bosqichiga esa eng yuqori natija ko‘rsatgan 12 nafar violonchel ijrochisi yo‘l oldi.
Quvonarlisi, mazkur nufuzli tanlovda Rossiya, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Kanada, AQSH, Italiya, Ispaniya va Yaponiya kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan kuchli ishtirokchilar bilan bir qatorda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan iste’dodli musiqachi, Toshkent shahridagi R.M.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabining sobiq o‘quvchisi Dilshod Narzillayev ham finalchilar safidan o‘rin oldi hamda "Queen Elisabeth Competition" xalqaro violonchelchilar tanlovining rasmiy sovrindori sifatida e’tirof etildi.
Bu e’tirof O‘zbekistonning boy musiqiy an’analari va iste’dodli yoshlari jahon sahnalarida munosib o‘rin egallayotganining yana bir amaliy tasdig‘idir.
Tanlovning final bosqichi davomida u o‘zining yuksak ijrochilik mahorati, chuqur musiqiy tafakkuri va professional tayyorgarligi bilan jahonning eng kuchli yosh violonchel ijrochilari qatorida munosib o‘rin egalladi.
Final bosqichi juda yuqori raqobat bilan o‘tdi. Unda D.Narzillayev Dmitriy Shostakovichning Violonchel va orkestr uchun 1-konsertini Belgiya Milliy orkestri jo‘rligida, dirijyor Antoni Hermus boshchiligida mahorat bilan ijro etdi. Uning chiqishi hakamlar hay’ati va musiqa ixlosmandlari tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, u final bosqichi uchun maxsus buyurtma asosida yaratilgan Four Odes to the Tidings of Flowers asarining jahon premerasini ham taqdim etdi. Ushbu murakkab va zamonaviy asar Fang Man tomonidan maxsus ushbu tanlov finali uchun yaratilgan bo‘lib, ijrochidan yuqori texnika va musiqiy yetuklikni talab qildi. Yarim final bosqichida esa Dilshod Narzillayev o‘zining keng repertuari va ijodiy yetukligini namoyish etdi. U Iogannes Bramsning 1-violonchel sonatasi, Dyord Ligetining violonchel uchun yakkaxon sonatasi hamda Leopold Hofmannning Re major kamera konsertini Royal Chamber orchestra of Wallonia orkestri jo‘rligida ijro etib, finalga olib chiqqan yo‘lida barqaror va kuchli ijro maktabini namoyon qildi.
Dilshod Narzillayev — xalqaro maydonda tan olingan o‘zbekistonlik violonchel ijrochisi, ko‘plab nufuzli xalqaro tanlovlar laureati va mamlakatimiz musiqa san’atining yorqin namoyandalaridan biri. U musiqiy ta’limni Toshkent shahridagi Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida Jahongir Ibragimov sinfida boshlagan. Keyinchalik AQSHdagi Park University qoshidagi International Center for Music muassasasida tahsil olib, bakalavr darajasini qo‘lga kiritdi. 2020-2022-yillarda Boston shahridagi konservatoriyada magistratura bosqichida Laurencye Lesser ustozligida tahsil oldi va mazkur ta’lim muassasasining Graduate Diploma dasturini ham muvaffaqiyatli tamomladi. Ayni paytda o‘zbekistonlik yosh musiqachi Belgiyadagi Queen Elisabeth Music Chapel musiqa markazida mashhur violonchel ustasi Garri Xoffman rahbarligida faoliyat olib bormoqda.
O‘zbek yigiti Dilshod Narzillayevning ushbu nufuzli xalqaro tanlovda g‘olib bo‘lishi Yangi O‘zbekiston uchun muhim natija sanaladi.
N.Usmonova, O‘zA