“Ayroliq” milliy raqs spektakli namoyish etildi
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida Abdulla Qodiriyning mashhur “O‘tkan kunlar” romani asosida sahnalashtirilgan “Ayroliq” milliy raqs spektakli tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Mazkur sahna asarida “O‘tkan kunlar” qahramonlari - Otabek, Kumush, Zaynab, Homid, Mirzakarim qutidor, Oftob oyim va boshqa obrazlar taqdiri raqs orqali talqin qilindi.
Spektakl Otabek va Kumushning ilk uchrashuvini aks ettiruvchi sahna bilan boshlandi. Keyingi voqealar rivojida ikki yoshning muhabbati, milliy qadriyatlar, oilaviy munosabatlar hamda inson taqdiri bilan bog‘liq murakkab kechinmalar xoreografik kompozitsiyalar vositasida ifoda etildi.
Tomosha davomida “To‘y”, “Xon huzuri”, “Toshkent”, “Xat o‘yini”, “Fitna” va “Zaynab nolasi” kabi sahnalar namoyish etildi. Ularda roman voqealaridagi eng muhim burilish nuqtalari, jumladan, Homidning fitnalari, Kumush va Otabek o‘rtasidagi ayriliqlar, Zaynabning ichki iztiroblari hamda qahramonlar taqdiridagi dramatik voqealar o‘z aksini topdi.
Ayniqsa, Zaynab obrazining ruhiy kechinmalari, rashk va armon tuyg‘ulari asosida qurilgan yakkaxon raqs tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, spektakl finalida Kumushning fojiali taqdiri, Otabekning cheksiz alami va Zaynabning ruhiy yemirilishi ta’sirchan sahna yechimlari orqali namoyon etildi.
D.Hakimov, O‘zA