O‘zbekistondagi maktablar soni ortib bormoqda
O‘zbekistonda ta’lim infratuzilmasini kengaytirish va o‘sib borayotgan yosh avlod uchun bilim maskanlari tarmog‘ini rivojlantirish choralari o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshiga kelib, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 11 ming 118 taga yetdi.
Raqamlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, maktablar tarmog‘i jadal sur’atlar bilan kengaymoqda — mazkur ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 175 taga ko‘paygan.
Bu esa hududlarda yangi ta’lim muassasalarining barpo etilishi va o‘quvchi o‘rinlari sonining oshib borayotganidan dalolat beradi.
Hududlar kesimidagi statistik manzaraga nazar tashlasak, maktablar soni bo‘yicha Samarqand viloyati yetakchilik qilmoqda. Viloyatda 1 ming 350 ta muassasa faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Qashqadaryo (1 294 ta) va Farg‘ona (1 119 ta) viloyatlari ham ta’lim maskanlarining ko‘pligi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga ega. Surxondaryo viloyatida maktablar soni minglik dovondan oshib, 1 003 tani tashkil etayotgan bo‘lsa, poytaxtimiz Toshkent shahrida 503 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti yoshlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Respublikamizning boshqa hududlarida ham ko‘rsatkichlar barqarorligini ko‘rish mumkin.
Ushbu holat nafaqat poytaxt va yirik shaharlarda, balki chekka tumanlarda ham sifatli ta’lim olish imkoniyatlari kengayib borayotganini tasdiqlaydi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA