Andijon xalqaro aeroportida imkoniyatlar kengaydi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2023-yilda Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Andijon aeroportini modernizatsiya qilish yuzasidan qator topshiriqlar bergan, viloyatga o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida esa rekonstruksiya jarayonini ko‘zdan kechirgan edi.
O‘tgan davr mobaynida aeroportda keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichida aeroport hududida uzunligi 3 ming 300 metr, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi 4 Ye toifali uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘lagi va samolyotlar uchun to‘xtash joyi qurildi, yoritish-signal qurilmalari o‘rnatildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida, aeroportda noqulay ob-havo sharoitida va tungi vaqtlarda ham parvozlar qilish hamda barcha rusumdagi havo kemalarini qabul qilish imkoniyati yaratildi.
Qurilish-ta’mirlash ishlarining ikkinchi bosqichi doirasida aeroportning zamonaviy terminali barpo etilmoqda. Yangi terminal ishga tushishi bilan soatiga 1000 nafar, yiliga esa 3,5 million nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Yangilanayotgan Andijon xalqaro aeroportida hozirda mahalliy va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam qatnovlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari natijasida aeroportning yo‘lovchi tashish imkoniyati bir necha bor ortdi, andijonliklar va viloyatga tashrif buyuruvchi mehmonlarning uzog‘i yaqin bo‘lmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri