O‘zbekiston Prezidenti va Gruziya Bosh vaziri o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi kun tartibini belgilab oldilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze tor doirada va ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
Davlatimiz rahbari uchrashuv avvalida O‘zbekiston Prezidentining Gruziyaga yigirma yildan ortiq davrda birinchi marta amalga oshirilayotgan ushbu davlat tashrifi O‘zbekiston – Gruziya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-tranzit, turizm hamda madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha darajalardagi muloqotlar izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar hukumatlar, parlamentlar, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi faol aloqalarni hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.

O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 270 million dollarni tashkil etdi, joriy yil boshidan buyon esa 100 million dollardan oshdi. Yaqin yillarda ushbu ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga yetkazish, savdodagi nomutanosiblikni bartaraf etish, sanoat ko‘rgazmalarini o‘zaro o‘tkazish orqali ikki mamlakat o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Transport-tranzit sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ushbu muhim yo‘nalish salohiyatidan to‘laqonli foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz yuklarini tashishda Poti va Batumi portlari infratuzilmasidan faol foydalanish choralariga alohida e’tibor qaratildi. Gruziyada logistika xabini, unda esa sanoat zonasi va O‘zbekiston mahsulotlari uchun shourum tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Davlatimiz rahbari “Boku – Tbilisi – Kars” temir yo‘lining ishga tushirilganini olqishladi. Uni barpo etilayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l magistrali bilan bog‘lash masalasini o‘rganish taklif etildi.
Sanoat kooperatsiyasi hamkorlikning alohida ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Kuni kecha o‘tkazilgan qo‘shma biznes forumi natijalariga yuksak baho berildi. Uning yakunlari bo‘yicha 2027-yilgacha mo‘ljallangan Kooperatsiya dasturi imzolandi.

Qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va energetika tarmoqlari, farmatsevtika, oziq-ovqat va yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish va development, raqamlashtirish, axborot texnologiyalari, raqamli bank hamda turizm sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Loyihaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya jamg‘armasini tashkil etish taklif qilindi.

Madaniy-gumanitar aloqalar faol kengaymoqda. Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zbekiston Prezidenti Gruziya tomoniga Tbilisidagi bog‘lardan biriga buyuk shoir Alisher Navoiy nomini berishga qaror qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Joriy yilda O‘zbekistonda qo‘shma ta’lim va turizm forumlarini o‘tkazish rejalashtirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Gruziyadagi elchixonasini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma “yo‘l xaritasi” tayyorlanadi.