O‘zbekistonda yetishtirilgan limon endi Xitoyga ham eksport qilinadi
bugungi kunda O‘zbekistonda yetishtirilgan limon mahsuloti Hindiston, Yaponiya, Myanma, Gana kabi davlatlarga eksport qilinar edi. Endilikda mazkur davlatlar qatoriga yana bir yirik mamlakat – Xitoy ham qo‘shildi.
O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona ma’muriyati o‘rtasida O‘zbekistondan Xitoyga limon eksport qilish bo‘yicha fitosanitariya talablari va nazorati to‘g‘risida bayonnoma imzolandi.
Unga ko‘ra, limon mahsuloti Jahon savdo tashkilotining (WTO) Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bitimi tamoyillari, O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiya (IPPC), Xitoy Xalq Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonuni, Xitoy Xalq Respublikasining kirish va chiqishda hayvonlar hamda o‘simliklar karantini qonuniga muvofiq eksport qilinishi zarurligi qayt etilgan. Ya’ni, eksport qilinadigan mahsulot Xitoy tomoni uchun xavfli, deb qayd etilgan karantin ob’ektlaridan holi bo‘lishi lozim. Bular yumshoq soxta qalqondor, o‘simlik bitlari, karob kuyasi singari zararkunandalardir.

Kelishuvga asosan limon eksport qiluvchi tadbirkorlar uchun quyidagi asosiy talablar belgilangan. Xususan, limon yetishtiriladigan bog‘lar, issiqxona va qadoqlash korxonalari O‘zbekiston va Xitoy karantin xizmatlarining birgalikdagi ro‘yxatidan o‘tkazilishi, mahsulot zararkunandalar, chirigan va so‘ligan mevalar, novdalar hamda barglar, ildizlar va tuproqdan holi bo‘lishi, limon yetishtiriladigan bog‘, issiqxona va qadoqlash korxonalari O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi inspektorining doimiy nazoratida bo‘lishi, mahsulotni qadoqlash, saqlash va tashish inspektor nazorati ostida amalga oshirilishi belgilangan.

- Tadbirkorlar tomonidan belgilangan talablarga rioya etilmasa, mahsulotlar Xitoy chegara nazorat punktlaridan ortga qaytarilishi yoki yo‘q qilish tadbirlari amalga oshirilishi, natijada eksportga ochilgan bozorlarga kirish imkoniyati kamayishi mumkin, - deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati rahbari Bunyod Nasimov. - Bu kabi vaziyatlarning oldini olish maqsadida limon mahsulotini Xitoyga eksport qilmoqchi bo‘lgan tadbirkor va dehqonlarga shuni ma’lum qilamizki, mahsulotlaringizning xorij bozorlarida o‘z o‘rnini topishida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaydi.


Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA muxbiri