O‘quvchi qizlar yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazadi
Andijon viloyatida “Davraga kel, dugonajon!” ma’naviy-ma’rifiy tadbirlariga start berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova raisligida joriy yil 22-iyunda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasiga asosan iyun-avgust oylarida yurtimizning barcha hududlarida umumta’lim maktablari 7-11 sinf qizlari ishtirokida “Davraga kel, dugonajon!” ma’rifiy tadbirlarini o‘tkazish belgilangan.
Yoshlar, xususan, umumta’lim maktablari o‘quvchilarining yozgi ta’tilini mazmunli va samarali tashkil etish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlikka jalb etish hamda iste’dod va qobiliyatlarini yuzaga chiqarish maqsadida o‘tkazilayotgan “Dolzarb 90 kunlik” chora-tadbirlari doirasida o‘quvchi qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, zamonaviy bilimlar va raqamli texnologiyalarga qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularni madaniy-ma’rifiy, kitobxonlik, badiiy-ijodiy hamda ommaviy sport tadbirlariga keng jalb etish maqsadidagi “Davraga kel, dugonajon!” ma’rifiy tadbirlari Andijon viloyatida ham yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkaziladi.

– Viloyatdagi 762 ta umumta’lim maktablarining 7-11 sinf o‘quvchi qizlarini jalb etgan “Davraga kel, dugonajon!” ma’rifiy tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi, – deydi Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigoraxon Yunusova. – Mutasaddilarga loyihani amalga oshirish mexanizmlari, tadbirlarni tashkil etish tartiblari bo‘yicha zarur tushuntirish, topshiriq va tavsiyalar berildi.
Umuman, loyiha tadbirlari viloyatning barcha hududlarida yuqori saviyada bo‘lib o‘tadi.

Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, sport boshqarmalari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi mutasaddilari, tuman, shahar oila va xotin-qizlar bo‘limlari rahbarlari, umumta’lim maktablari direktorlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, tadbirlarni samarali tashkil etish, o‘quvchilarni jalb etish, yuzasidan zarur tavsiyalar berildi, hamkorlik masalalari kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi oldidan o‘tkazilayotgan “Davraga kel, dugonajon!” ma’rifiy tadbirlari o‘quvchi-qizlarning yozgi ta’til davrini, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual, ijodiy va jismoniy salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarishlariga yaqindan yordam beradi.
Mazkur loyiha qizlarni milliy qadriyatlar, go‘zal urf-odatlar, yuksak odob-axloq mezonlari va zamonaviy bilimlar uyg‘unligida tarbiyalashga, ularni ilm-fan, kasb-hunar, sport, madaniyat, san’at, IT hamda STEM yo‘nalishlariga jalb etishga xizmat qiladi.
O‘tkaziladigan ma’rifiy tadbirlar doirasidagi mashg‘ulotlar, uchrashuvlarda boy hayotiy tajribaga ega onalar, iqtidorli va tashabbuskor qizlar, shuningdek, psixolog, shifokor, pedagog, ijodkor, sportchi, IT mutaxassisi bo‘lgan ayollar, mahallalarning xotin-qizlar faollari, “Oqila ayollar” harakati vakillari ishtirok etib, o‘quvchi-qizlarning belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha bilim, tushuncha va ko‘nikmalarini boyitishga, ijtimoiy faolligini yanada oshirishga ko‘maklashadi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri