O‘zbekistonda Turkiya Respublikasi mustaqilligining 103 yilligi nishonlandi
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Turkiya Respublikasi mustaqilligining 103 yilligi munosabati bilan tantanali konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Mazkur musiqiy dastur ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy yaqinlikning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Do‘stlik va qardoshlik bayramiga aylangan konsert davomida Turkiyaning mashhur estrada xonandasi Mustafa Jajeli muxlislarga qo‘shiqlarini taqdim etdi. San’atkorning ijrosi nafaqat turkiyalik mehmonlar, balki o‘zbek muxlislari tomonidan ham iliq kutib olindi.

Tantanali kechada Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ufuk Ulutash, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari Sanjar Bobojonov, yurtimizdagi turk diasporasi vakillari ishtirok etdi.

Aytish kerakki, bunday tadbirlar san’at xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan vosita ekanini yana bir karra namoyish etdi. O‘zbekiston va Turkiyani bog‘lab turgan tarixiy rishtalar, mushtarak qadriyatlar va o‘zaro hurmat muhiti bunday madaniy uchrashuvlarda yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Kecha yakunida xorijiy mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi nomidan maxsus guldastalar taqdim etildi.
Jo‘shqin musiqa ohanglari ostida o‘tgan bayram tadbiri O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, madaniy hamkorlikni kengaytirish hamda ikki xalq o‘rtasidagi samimiy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
N.Usmonova,
O‘zA