O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Xalqaro Nordik universiteti o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi
Xalqaro Nordik universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod Mustafaqulov va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov jurnalist kadrlar mahoratini oshirish, talabalarni ishlab chiqarish amaliyotiga keng jalb qilish, sohada media loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha innovatsion korporativ hamkorlik bitimini imzoladi.
Ushbu strategik sheriklikning asosiy maqsadi jurnalistika sohasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalarining nazariy bilimlarini bevosita amaliyot bilan bog‘lash, ularning kasbiy mahoratini oshirish va zamonaviy media bozorida raqobatbardoshligini ta’minlashdan iborat.

Korporativ hamkorlik doirasida talabalarning kasbiy tayyorgarligi va amaliyot tizimini mutlaqo yangi sifat bosqichiga olib chiqish ko‘zda tutilgan.
Bunda Universitetning ilmiy-innovatsion salohiyati hamda Uyushmaning ijodiy tajribasi birlashtirilib, yangi raqamli platformalar, podkastlar, mualliflik ko‘rsatuvlari va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar yaratiladi.

Shuningdek, “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida mahorat darslari, treninglar va ijodiy uchrashuvlarni muntazam tashkil etish, taniqli jurnalistlar, tajribali muharrirlar va xalqaro ekspertlar ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etishga kelishib olindi.
O‘zA