O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda tovarlarning tashqi savdosi 43 foizga oshdi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Bojxona faoliyatini takomillashtirish va raqamlashtirish, o‘tgan yilda erishilgan asosiy ko‘rsatkichlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 24 fevral kuni davlatimiz rahbari bojxona faoliyatini takomillashtirish va raqamlashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan ochiq, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat natijasida so‘nggi yillarda mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasining hajmi keskin oshib bormoqda.

Masalan, o‘tgan uch yillik qisqa davrda tovarlarning tashqi savdosi 43 foizga oshdi. Mazkur o‘sish tendensiyasi tashqi savdo tovarlari bo‘yicha davlat byudjetiga o‘tkazilgan bojxona to‘lovlarini ham uch yilda 87 foizga yoki 29 trillion so‘mga oshirib, 2024 yilda 63,1 trillion so‘mni tashkil etishiga asosiy sabab bo‘ldi.
– Tadbirkorlarga bojxona to‘lovlaridan 53 trillion so‘m imtiyozlar qo‘llanilib, mazkur ko‘rsatkich ham uch yil avvalga nisbatan 39 foizga yoki salkam 15 trillion so‘mga oshdi, – deydi Bojxona qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Nodir Musamuhamedov. – Mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy aloqalarni yaxshilash maqsadida bojxona sohasida ko‘p ishlar qilindi. O‘nga yaqin davlatlar bilan oldindan axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi, bojxona rasmiylashtiruvi va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari tashkil etildi. 4 ta yirik bojxona postida terminallar qurildi, 20 dan ziyodi yangi uskunalar bilan ta’minlandi. Tadbirkorlar uchun 35 ta axborot tizimi joriy qilindi.

Bular natijasida chegara orqali transportlar harakati 8 barobar ko‘payib, qariyb 5 milliontaga yetdi. Yuklarni rasmiylashtirish vaqti importda 3 soat, eksportda 20 daqiqagacha qisqardi. Umuman, tizim soddalashtirilishi orqali 6 mingga yaqin eksportyor hamda 20 mingga yaqin importyorning sarf-xarajati va vaqti tejalgan. Xalqaro logistika reytingida bojxona ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 140-o‘rindan 74-o‘ringako‘tarilgan.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, Bojxona organlarining axborot tizimlari 41 ta aviakompaniyalar, 33 ta idora va tashkilotlarning tizimi bilan integratsiya qilindi. Misol uchun, o‘tgan yili “Eksport uch qadamda” dasturi ishga tushirilib, eksport deklaratsiyalarini to‘ldirishning 9 bosqichli tartibotini 3 barobarga qisqartirishga erishildi. Bunday soddalashtirish, eksport deklaratsiyalarini to‘ldirish vaqtini 1 soatdan 15 daqiqaga qisqarish imkoniyatini yaratdi.

Bugungi kunga qadar ushbu dastur yordamida 4,5 mingdan ortiq tadbirkor tomonidan 89 mingta deklaratsiya to‘ldirilib, 3 milliard dollarga yaqin tovarlar eksport qilindi.
“Xavfni boshqarish” axborot tizimida sun’iyintellekt elementlarini qo‘llagan holda o‘tgan yilning iyul oyida, import tovarlaridan davlat byudjetiga bojxona to‘lovlarini to‘liq undirishda transportxarajatlarini aniqlash moduli amaliyotga kiritildi. Natijada 5 mingga yaqin deklaratsiyalar rasmiylashtiruvida davlat byudjetiga qo‘shimcha 90 milliard so‘mundirildi.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 11 fevralda qabul qilingan “Bojxona ma’muriyatchiligi tartib-taomillarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga alohida to‘xtalib o‘tildi. Qarorda tadbirkorlar uchun qator qulayliklar nazarda tutilgan bo‘lib, masalan, tashqi savdo shartnomalari soni 22 tadan 6 taga qisqartirildi. Bu esa eng avvalo tashqi savdo operatsiyalari monitoringini yanada takomillashtirish hamda shartnomalarijrosida asossiz debitor va kreditor qarzdorliklar shakllanishining oldini olishda katta ahamiyat kasb etadi.
Qaror bilan tashqi savdo ishtirokchilari uchun bitta shartnoma doirasida turli bojxona rejimlaridan foydalanish imkoni yaratildi. Endilikda tovarlarning shartnoma ijrosida aks etishi bojxona yuk deklaratsiyasining bitimxususiyati bandiga muvofiq amalga oshiriladi. Qarorning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish jarayonlari soddalashtirildiva ularga tatbiq etiladigan qulayliklar kengaytirildi.
Bunda bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash muddati 20 ish kunidan 30 kalendar kungacha uzaytirildi. Xavf darajasi o‘rta bo‘lgan operatorlarning tovarlari bir soat mobaynida rasmiylashtirilishibelgilandi. Hozirda respublikamizda 70 ga yaqin vakolatli iqtisodiy operator maqomiga ega tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritadi. O‘tgan yilda ularga 410 milliard so‘mdanortiq bojxona to‘lovlarini kechiktirib va bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etildi.
Aksariyat holatlarda endigina o‘z biznesini boshlayotgan tadbirkorlar O‘zbekistonga qaysi tovarlarni ko‘proq import qilish yoki mamlakatdan qaysi tovarlarni ko‘proq eksport qilishga doir axborotlarga kuchli qiziqish bildirishadi hamda bu kabi axborotlarning ishonchli manbalariniizlashadi.
Bojxona qo‘mitasi tadbirkorlar uchun mazkur axboriy bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida “Eksport va import ma’lumotlarini olish” elektron xizmatini amaliyotga tatbiq qildi.
Bevosita tadbirkorlarning takliflari asosida yo‘lga qo‘yilgan ushbu xizmat orqali endi tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlarni pullik asosda sanoqli daqiqalarda olishlari mumkin.
Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bevosita o‘zlariga tegishli bojxona yuk deklaratsiyalari, ularga ilova qilingan hujjatlar va boshqama’lumotlarni ushbu xizmat asosida o‘z idoralaridan chiqmasdan turib olishlari mumkin. Anjumanda ushbu xizmatning ahamiyati haqida ham so‘z yuritildi.
Tadbir yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA