O‘zbekistonda robototexnikada yangi davr boshlanadi
Janubiy Koreyaning ROBOTIS kompaniyasi bilan yirik robototexnika loyihasiga asos solindi. Bu sanoat va innovatsiyalarda yangi bosqichni anglatadi.
"O‘zbekistonda robototexnika sanoatining yangi bosqichi: ROBOTIS zavodiga tamal toshi qo‘yildi".
"Yangi Avlod" maxsus sanoat zonasida Janubiy Koreyaning robototexnika sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri – ROBOTIS tomonidan qariyb 70 million AQSH dollariga teng yirik loyihaga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu O‘zbekistonda yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, investitsiya loyihasi uchun 11 gektar maydon ajratilgan hamda investorlar uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreya Respublikasi bilan yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarining amaliy ifodasidir. Tamal toshi qo‘yish marosimida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Toshkent shahar hokimligi va "O‘zeltexsanoat" uyushmasi vakillari, shuningdek, Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi va ROBOTIS kompaniyasi rahbariyati ishtirok etdi.
Marosimda so‘z olgan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev mamlakatda yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirish, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarga to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, koreyalik sarmoyadorlarning O‘zbekistonga kiritayotgan investitsiyalari o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga oshgan.
ROBOTIS kompaniyasi bosh direktori Kim Byong Su esa robototexnika sohasidagi hamkorlikning ulkan istiqbollari, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va kadrlar tayyorlashning muhimligini qayd etdi.
Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Von Do Yong mazkur loyihaning yaratilish tarixiga to‘xtaldi: "Mazkur loyiha bo‘yicha hamkorlikka 2025-yil dekabr oyida Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Janubiy Koreya biznes forumi doirasidagi davra suhbatida asos solingan edi. O‘shanda "O‘zeltexsanoat" uyushmasi va ROBOTIS kompaniyasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolangandi. Bugungi tamal toshi qo‘yish marosimi ana shu kelishuvlarning amaliy natijasi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu loyiha robototexnika, sun’iy intellekt va yuqori texnologiyalar asosidagi sanoat ekotizimini rivojlantirishda muhim qadam hisoblanadi. Mamlakatingizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, yosh va salohiyatli kadrlar hamda sanoatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar bizning ushbu loyihani aynan shu yerda amalga oshirishimizga asos bo‘ldi. ROBOTIS uchun bu loyiha shunchaki yangi ishlab chiqarish maydoni emas, balki Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi texnologik hamkorlikning yangi bosqichidir. Biz mahalliy mutaxassislar bilan bilim va texnologiyalar almashishni, zamonaviy robototexnika mahsulotlarini ishlab chiqarishni hamda ularni xalqaro bozorlarga eksport qilishni rejalashtirmoqdamiz".
ROBOTIS robototexnika sohasidagi ilg‘or ishlanmalari, xususan, "DYNAMIXEL" aktuatorlari, gumanoid va ta’lim robotlari ishlab chiqarishi bilan dunyoga mashhur. Uning texnologiyalari bugungi kunda dunyoning ko‘plab universitetlari, ilmiy markazlari va sanoat korxonalarida keng qo‘llaniladi. Kelgusida korxonada insonsimon robotlar, avtonom robot tizimlari hamda ular uchun zarur bo‘lgan yuqori texnologik komponentlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa O‘zbekistonda yangi texnologik yo‘nalishlarni rivojlantirish, muhandislik maktablarini shakllantirish va mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video),
O‘zA