O‘zbekistonda raqamli makonda terrorizmga qarshi kurashishda davlat-xususiy sheriklikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 24–25-avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida raqamli makonda terrorizmga qarshi kurashish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va texnologik kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasidagi 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” doirasida tashkil etilgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligining birgalikdagi ko‘magida o‘tkazildi.
Seminarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi milliy kompaniyalar mutaxassislari ishtirok etdi. BMT Aksilterror markazi va BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining yetakchi ekspertlari, shuningdek, Meta korporatsiyasi vakillari ma’ruzalar bilan qatnashdi.
Kun tartibidan davlat va xususiy sektorning yangi texnologiyalardan terrorchilik maqsadlarida foydalanishga qarshi kurashish, onlayn makondagi hodisalarga tezkor munosabat bildirish hamda tegishli tergov harakatlarini olib borish borasidagi hamkorligi samaradorligini oshirish masalalari asosiy o‘rin egalladi.

Muhokamalar davomida buzg‘unchi guruhlar internet foydalanuvchilarini radikallashtirish va o‘z safiga jalb qilish, raqamli platformalar orqali moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish, shuningdek, shifrlangan va markazlashmagan texnologiyalardan foydalangan holda noqonuniy xatti-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun raqamli xizmatlardan tobora faol foydalanayotgani qayd etildi.
Ishtirokchilar bunday sharoitda davlat organlari va xususiy sektor o‘rtasidagi yaqin hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishi haqida yakdil fikr bildirdilar. Bunday hamkorlik innovatsion texnologik yechimlarni joriy etish, tezkor axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda xavfsizlikka tahdid soluvchi xatarlarni kamaytirish bo‘yicha samarali strategiyalar ishlab chiqish uchun zarur.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, moliya muassasalari, telekommunikatsiya operatorlari va texnologik kompaniyalar o‘rtasida doimiy hamkorlik kanallarini yaratish, ma’lumot almashish va raqamli dalillar bilan ishlash tartib-taomillarini takomillashtirish, shuningdek, muntazam ravishda qo‘shma amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Seminar yakunida ekspertlar davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish va tegishli idoralarning texnologik salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etdilar. Ularning amalga oshirilishi mazkur yo‘nalishda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlarga samarali qarshi turish imkonini beradi.