Mustaqillikning o‘ttiz besh yilligi – yetuklik va yuksalish pallasi
1991-yilning kuzi, maktabda o‘qib yurgan kezlarimiz... “Mustaqillik” so‘zi kundalik lug‘atimizga hali to‘liq kirib kelmagandi, uni dadil aytolmasdik. O‘sha paytlari bu so‘z xuddi va’da, umid, armondek eshitilardi. Oradan o‘ttiz besh yil o‘tib, bu og‘ir, ammo haqqoniy va bajarsa bo‘ladigan va’da bo‘lganini ko‘rib turibmiz.
Bizning davr odamlari 80-yillar oxirlarini juda yaxshi eslaydi. U paytlar biz katta hayotga endi qadam tashlab, rejalar qurganmiz. O‘sha davrda nimalarni ko‘rdik? Bo‘shab qolgan do‘kon peshtaxtalariyu talonlarni, paxta ishining aks-sadosiyu rahbarlar, xo‘jalik raislari, ziyolilar va boshqa ko‘plab insonlar qonunsizlik qurboniga aylanganini. Oilalar yillab omonat kassalarida saqlagan pullari qadrsizlanib qolgani, millionlab odamlar bir zumda ishidan ayrilgani ham yodimizda. Respublikamiz dengizga chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘lib, xo‘jalik aloqalari uzilib ketgani, paxta monopoliyasi tufayli yuzaga kelishiga oz qolgan oziq-ovqat inqirozi... Yana ko‘p narsalarni yodga olish mumkin.
Respublikamiz o‘zining mustaqil yo‘lini ana shunday sharoitda boshlagan. Bugun kimdir 1991-yil 1-sentabrda mustaqillik o‘z-o‘zidan ro‘y bergan desa, o‘sha yillarni eslayman. Yo‘q, u shunchaki ro‘y bermagan, unga kurashib erishilgan. Bu butun bir avlod taqdirini, davlatning shakllanishini, o‘z kelajagi uchun mas’uliyatni zimmasiga olgan xalqning mashaqqatli yo‘lini aks ettiradigan davrdir.
Nazarimda, mustaqillikning dastlabki yillaridagi eng asosiy natija milliy davlatchilik asoslarining yaratilgani, qonun ustuvorligi tamoyili qaror topgani, o‘zimizning siyosiy va iqtisodiy tizimimiz yaratilgani bo‘ldi. O‘shanda qo‘yilgan poydevorning tarixiy ahamiyati bugun yaqqol ko‘rinib turibdi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘p yillardan buyon Samarqanddagi Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilib, mustaqil davlatchiligimiz asoschisi bo‘lgan insonga hurmat bajo keltirib kelmoqda.
Eng muhimi, O‘zbekiston erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmadi. 2016-yilda Shavkat Mirziyoyev mamlakat Prezidenti etib saylanganidan so‘ng yurtimiz rivojlanishning yangi ufqlarini izlay boshladi, tadbirkorlik, ta’lim, fan va ijtimoiy faollik uchun imkoniyatlarni kengaytirishga kirishdi. Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi kabi xalqaro moliya institutlari 2017-yildan boshlangan islohotlarni yopiq, ma’muriy boshqaruvdagi iqtisodiyotdan ochiq bozor modeliga o‘tishdagi keng ko‘lamli sa’y-harakat sifatida baholamoqda. 2017-yildagi valyuta islohoti eng birinchi va eng muhim qadamlardan bo‘ldi. Xususan, konvertatsiyaga doir cheklovlar olib tashlandi, “qora bozor” yo‘q qilindi. Natijada, mamlakatning real yalpi ichki mahsuloti 2017-2025-yillarda yiliga o‘rtacha 6 foiz atrofida o‘sgan bo‘lsa, 2025-yilda bu o‘sish 7,7 foizga yetdi. Mustaqillik bizga o‘z tariximizni o‘zimiz yozish huquqini berdi va bu tarix davom etmoqda.
Xalqaro mehnat tashkiloti 2021-yilga kelib, O‘zbekistonda paxtachilik sohasida bolalar mehnati va majburiy mehnatga butunlay barham berganini rasman tan oldi. Islohotlar yillarida qariyb 2 million bola bolalar mehnatidan, 500 mingga yaqin katta yoshdagilar esa majburiy mehnatdan ozod qilindi. Maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilarimizning butun bir avlodi kuzni maktabda emas, dalalarda o‘tkazardi. Bugun bu sahifa o‘tmishda qoldi va bu yutug‘imizni butun dunyo e’tirof etmoqda.
Inson uchun o‘ttiz besh yil – katta muddat. Bunda odamning hayoti quruq va’dalari bilan emas, erishgan yutuq va natijalari bilan o‘lchanadi. Davlat miqyosida ham shunday, menimcha. Deputat sifatida eng asosiy natijani 2016-yildan boshlab davlatning butun falsafasi o‘zgarganida ko‘raman. 2023-yilgi referendumda qabul qilingan Konstitutsiya O‘zbekistonning ijtimoiy davlat, ya’ni inson oldida mas’ul bo‘lgan davlat sifatidagi maqomini mustahkamladi. Mahalla orqali ko‘rsatiladigan manzilli ijtimoiy yordam ham, ta’lim sohasidagi majburiyatlar ham, har bir qonun loyihasini ko‘rib chiqishda biz, deputatlar “Bu hujjat bitta bo‘lsa ham oilaning hayotini qanday o‘zgartiradi?” degan oddiy savolni qo‘yish talabi ham aynan shu normadan kelib chiqadi.
Ushbu mantiq aniq raqamlar bilan tasdiqlanadi. 2020-yildan boshlab kambag‘allikka qarshi kurashish ilk bor davlat siyosatining alohida yo‘nalishiga aylandi. Kambag‘allik rasman o‘lchanib, tizimli ravishda qisqartirila boshlandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 2020-yildagi qariyb 23 foizdan 2023-yil yakuniga kelib 11 foizgacha kamaydi. Jahon banki ushbu ko‘rsatkich barqaror pasayishda davom etayotganini tasdiqlamoqda. Ijtimoiy yordam tom ma’noda manzilli tus oldi. Kam ta’minlanganlarga beriladigan nafaqalar bilan qamrab olingan oilalar soni 2017-yildagi taxminan 400 mingtadan 2023-yilda 2,2 milliontaga yetdi. Subsidiya, kompensatsiya va moddiy yordam kabi 100 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari mahalla darajasiga tushirilib, u yerda hokim yordamchilari va “mahalla yettiligi” faoliyat yuritmoqda. Ilgari tarqoq bo‘lgan keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini birlashtirgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Birgina mahallalarni obodonlashtirish – yo‘llar, suv, elektr energiyasi, maktablar, bolalar bog‘chalari va tibbiyot muassasalariga qariyb 120 trillion so‘m yo‘naltirildi.
Deputat sifatida men uchun faqat ortida oilalar hayotidagi real o‘zgarishlar turgan raqamlargina muhim. Bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2017-yildagi 27 foizdan 2025-yilga kelib 75 foizga yetdi, bolalar bog‘chalaridagi tarbiyalanuvchilar soni esa 700 mingdan 2,4 million nafardan oshdi. Bu millionlab onalar ishlash va o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lganini, bolalar esa teng imkoniyatlarga ega bo‘lganini anglatadi. Bundan o‘n yil avval ko‘pchilikning olishga qurbi yetmagan ipoteka bugun 20 yilgacha muddatga boshlang‘ich to‘lov uchun subsidiyalar bilan berilmoqda.
2025-yil iyul oyidan boshlab eng kam pensiya miqdori 918 ming so‘m etib belgilandi, o‘rtacha oylik ish haqi esa qariyb 6,4 million so‘mga yetdi. Bu nominal qiymatda 2016-yilgi darajadan deyarli besh baravar yuqoridir. Pensiyalar, nafaqalar va byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi istisno tariqasida emas, balki har yili oshirilmoqda.
O‘zbekistonnning yopiqlik siyosatidan voz kechagi ham tarixiy voqea. Chegaralar ochildi, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari tiklandi, mintaqa nizo va da’volar maydonidan o‘zaro muloqot va hamkorlik makoniga aylandi. Jahon banki O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi faol siyosati hamda uning savdo, transport, suv resurslari va energetika sohalaridagi mintaqaviy hamkorlikdagi o‘rnini alohida e’tirof etmoqda. Mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni ham sezilarli darajada tezlashdi: o‘nlab davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borildi, qonunchilik xalqaro savdo qoidalariga muvofiqlashtirilmoqda. Hozirgi kunda Markaziy Osiyo mushtarak taqdir, o‘zaro mas’uliyat va umumiy kelajakka intilish bilan birlashgan yagona makon sifatida tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ya’ni, bugun mintaqada chinakam birlik va hamjihatlik qaror topmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi katta yo‘lini bosib o‘tdi va bugun mamlakat siyosiy tizimida alohida o‘rin tutadi. Parlament shunchaki oliy vakillik va qonun chiqaruvchi organ emas. U millionlab fuqarolarning manfaat va istaklarini qonunga ko‘chiradigan, davlatning strategik maqsadlari uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratadigan muhim institutdir.
Umumxalq referendumi bilan qabul qilingan yangilangan Konstitutsiya Oliy Majlis palatalarining vakolatlarini sezilarli darajada kengaytirdi, parlamentning hukumatni shakllantirish va ijro etuvchi hokimiyat faoliyati ustidan nazorat qilishdagi ishtirokini kuchaytirdi. Shu tariqa hokimiyat qarorlar qabul qiladigan va ularning ijrosi uchun xalq oldida javob beradigan zamonaviy davlatning eng muhim tamoyili mustahkamlandi.
Hozirgi zamonda deputatni saylovchilar bilan birga bo‘lishga, ularning muammolarini tinglashga, ovozini davlat organlariga yetkazishga va aniq yechimlarga erishishga intilishi kerak bo‘lgan xalq vakili deb hisoblayman. Shu bois ham parlament nazorati, deputatlarning hududlardagi faoliyati, qonun loyihalarining jamoatchilik muhokamasi va fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida parlament institutini rivojlantirish davlatning muhim vazifalaridan biri etib belgilangan.
Kuchli va mas’uliyatli parlament mustaqil O‘zbekistonning eng muhim siyosiy tayanchlaridan biriga aylanmoqda. Olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarida parlament zimmasiga xalq ovozi, qonun posboni bo‘lish va Yangi O‘zbekistonni barpo etishda faol ishtirok etishdek g‘oyat muhim vazifa yuklatilgan.
Orolbo‘yi mavzusiga alohida to‘xtalib o‘tishni lozim, deb hisoblayman. Bu ekologik fojia yo‘l qo‘yilgan xatolardan afsuslanish o‘rniga, muammoni yechishga harakat qilishga o‘tilganiga yorqin misol bo‘la oladi. 2021-yil may oyida BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. Buning ortidan aniq va manzilli amaliy ishlar bajarildi: Orol dengizining qurigan tubida qariyb 1,7 million gektar maydonda o‘rmonzorlar barpo etildi. Chang-tuz bo‘ronlaridan himoya qilish uchun yashil to‘siqlar yaratildi.
Keyingi jihat – suv masalasi. Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasida ishlaganim sababli suv taqchilligi bugungi kunning eng dolzarb muammosiga aylanganiga kundalik faoliyatimda guvoh bo‘laman. Bunga ta’sir qilayotgan omillar qatoriga aholining ko‘payishi, tarmoqlarning eskirgani, suvning yo‘qotilishi kiradi.
Bu muammoga faqat zamonaviy texnologiyalar yordamida ta’sirchan javob ta’sirchan javob qaytarish mumkin. Tegishli chora-tadbirlarni suv xo‘jaligini rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Xususan, 2028-yilgacha sug‘oriladigan yerlarning 80 foizida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish vazifasi qo‘yilgan. Bundan tashqari, raqamlashtirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Jumladan, minglab gidrotexnika inshootlariga zamonaviy hisobga olish tizimlari o‘rnatilmoqda. Natijada yiliga qariyb 10 milliard kub metr, kelajakda esa 14 milliardgacha suv tejalishi kutilmoqda.
Suvning raqamli hisobini yuritish – bu faqat tejamkorlikni anglatmaydi. Bu adolatni ta’minlaydi. Bu jarayoni inson boshqarar ekan, suv taqsimlanishida adolatsizlik davom etaveradi.
Shu bois suvning raqamli hisobini va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni men, eng avvalo, milliy ahamiyatga molik masala deb bilaman. Yaxshi qonun bilan uning joylardagi ijrosi o‘rtasidagi tafovutni to‘liq bartaraf etish bugungi kunning muhim vazifasidir.
Joylarda saylovchilar bilan o‘tkazilgan yuzlab uchrashuvlar orasida, ayniqsa, maktabni bitirayotgan qizlar bilan muloqotlar yodimda qolgan. Iqtidorli va shijoatli, biroq turli sabablarga ko‘ra oliy o‘quv yurtlariga kira olmagan qizlar... Har bir shunday taqdir hudud uchun yo‘qotilgan shifokor, agronom, muhandis-gidrotexnik demakdir. Mamlakatimiz bu borada ham to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilmoqda: davlat oliy o‘quv yurtlarining magistraturasida tahsil olayotgan qizlarning kontraktlari byudjetdan qoplanmoqda, foizsiz ta’lim kreditlari uchun katta mablag‘lar ajratilgan, “Ayollar daftari” orqali manzilli yordam ko‘rsatilmoqda. Shaxsan men qizlarni imtiyozli o‘qitish siyosatini izchil qo‘llab-quvvatlayman va mehnat yuki yuqori bo‘lgan Qoraqalpog‘iston kabi hududlar uchun bu mexanizmlar yanada kengroq va soddaroq bo‘lishi kerak, deb hisoblayman.
Yangi O‘zbekiston hayotidan yana ko‘p bunday misollar keltirish mumkin. Ularning barchasini inson manfaatlari hamda 2016-yildan buyon Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan davlat siyosatining asosiy tamoyillari birlashtirib turadi. Tanlangan yo‘l “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining maqsadlari bilan uyg‘undir. Biz uchun adolat “Qabul qilgan normamiz olis qishloq aholisiga, suv fermer va dehqonga yetib boryaptimi?”, “Kam ta’minlangan oilaning qizi ta’lim olish imkoniyatga ega bo‘ldimi?” kabi savollarni har kuni o‘zimizga berib, buni nazorat qilib borish demakdir.
Hal etilmagan masalalarga ham ko‘z yummaymiz. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin 7-10 yilda mamlakatimizga 10 millionga yaqin yangi, yuqori daromadli ish o‘rinlari kerak bo‘ladi. Ana shunday vazifalarni ochiq-oydin tan olish yetuk davlatni faqat bayonotlar berish bilan ovora davlatdan ajratib turadi. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida deputatlar zimmasiga nafaqat ta’sirchan qonunlar qabul qilish, balki ularning ijrosini ta’minlash vazifasi ham yuklatilgan.
Muxtasar aytganda, bugun oldimizda butunlay boshqa tarixiy vazifa turibdi – farzandlarimiz va nabiralarimizga Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli shakllanayotgan kuchli, tinch va farovon Yangi O‘zbekistonni qoldirish. Natijalarni har bir inson o‘z hayotida his etsa, yoshlarning bilim olishi va kasbiy o‘sishi, o‘z iste’dod va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratilsa, ko‘p millatli xalqimiz o‘rtasidagi ahillik, o‘zaro hurmat va birlik mustahkamlansa, Yangi O‘zbekiston chinakam qudrat topadi.
Aynan shuning uchun ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda barchamiz ishtirok etishimiz va natija uchun mas’uliyatni his etishimiz kerak. Zero, mamlakat kelajagi umummilliy sa’y-harakat, har birimizning tanlovimiz va fuqarolik pozitsiyamizga bog‘liq.
Davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan shior ostida nishonlanishi chuqur ramziy ma’noga ega. Bu so‘zlarda ham bayram shiori, ham mustaqil O‘zbekistonni barpo etganlar va biz boshlagan ishlarni davom ettiradiganlar oldidagi mas’uliyat mujassam.
Istiqloling muborak bo‘lsin, ko‘p millatli o‘zbek xalqim!
N.Rashidova,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA