O‘zbekistonda kvant texnologiyalariga bag‘ishlangan xalqaro yozgi maktab o‘tkazildi
O‘zbekistonda zamonaviy kvant texnologiyalarini metrologiya sohasiga joriy etish, mutaxassislarning ilmiy-amaliy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida “Quantum Technologies in Measurements” mavzusida xalqaro yozgi maktab — Summer School tashkil etildi.
Tadbirda AQSH Savdo departamenti huzuridagi Milliy standartlar va texnologiyalar instituti (NIST) Kvant o‘lchashlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Dr. Albert Rigosi, Chexiya Milliy metrologiya instituti (CMI) Uzunlik kvant bo‘limi metrologi Dr. Petr Kren, shuningdek, qator xorijiy davlatlarning metrologiya institutlari vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro yozgi maktabda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti va uning hududiy filiallari mutaxassislari, oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari, shuningdek, sanoat korxonalari mutaxassislari qatnashdi.
Yozgi maktab dasturidan kvant metrologiyasining zamonaviy va istiqbolli yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar, amaliy taqdimotlar hamda xalqaro ekspertlar ishtirokidagi muhokamalar o‘rin oldi.
Tadbir davomida kvant texnologiyalarining zamonaviy o‘lchashlar tizimidagi ahamiyati, yuqori aniqlikdagi etalonlarni yaratish va ularni amaliyotga joriy etish istiqbollari, shuningdek, ilmiy-tadqiqotlar va metrologik infratuzilmani xalqaro talablar asosida rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro yozgi maktab O‘zbekistonda Kvant metrologiya markazini tashkil etish, uning ilmiy-texnik konsepsiyasini ishlab chiqish va mazkur yo‘nalishdagi strategik vazifalarni belgilash bo‘yicha xorijiy ekspertlar bilan fikr almashish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Shuningdek, metrologiya sohasi mutaxassislarining zamonaviy kvant texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, xorijiy ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va sohada ilmiy salohiyatni mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ta’kidlanishicha, xalqaro yozgi maktab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son Farmonida belgilangan metrologiya sohasi mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini xalqaro talablar asosida oshirish vazifalarini amalga oshirish doirasida tashkil etilgan.
Mazkur tadbir mamlakatda zamonaviy metrologiya infratuzilmasini rivojlantirish, kvant metrologiyasi bo‘yicha milliy ilmiy salohiyatni kuchaytirish hamda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Hamroz Bayonov,O‘zA