O‘zbekistonda IT kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash dasturi yangilandi
O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan Zero Risk davlat dasturi yangilandi. Endi Incentives deb nomlangan dastur Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va Jahon banki hamkorligida amalga oshirilib, eksportga yo‘naltirilgan hamda yangi ish o‘rinlari yaratayotgan IT kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Yangilangan dasturdagi muhim o‘zgarishlardan biri ishtirokchilar uchun belgilangan minimal talabning yengillashtirilganidir. Ilgari kompensatsiya olish uchun kamida 20 ta yangi ish o‘rni yaratish talab etilgan bo‘lsa, endilikda bu ko‘rsatkich 10 taga tushirildi. Bu esa dasturdan kichik va o‘rta IT kompaniyalarining ham kengroq foydalanishiga yo‘l ochadi.
Dastur doirasida infratuzilmaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ham nazarda tutilgan. Xususan, ishtirokchilarga har bir yangi xodim uchun 7 kvadrat metrgacha ofis maydoni ajratilishi, shuningdek, keyinchalik sotib olish imkoniyati bilan IT uskunalar taqdim etilishi mumkin.
Yangi tartibga ko‘ra, kompaniyalarga ish haqi jamg‘armasining 10 foizidan 15 foizigacha kompensatsiya to‘lanadi. Ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan ish o‘rinlariga esa xodimlar umumiy sonidan qat’i nazar, 15 foizlik qat’iy kompensatsiya stavkasi qo‘llanadi.
Shu bilan birga, dastur xodimlarni ishga jalb qilish va ularni o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashni ham o‘z ichiga oladi. Qo‘llab-quvvatlashning umumiy hajmi har bir ish o‘rni uchun 2 ming AQSH dollarigacha yoki kompaniya eksport tushumining 3 foizigacha belgilangan.
Kompensatsiya mablag‘lari xodimlarning 12 oy davomida rasman bandligi tasdiqlanganidan keyin to‘lab beriladi. Mutaxassislarning fikricha, mazkur mexanizm qisqa muddatli emas, balki barqaror va uzoq muddatli ish o‘rinlarini yaratishni rag‘batlantiradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Zero Risk dasturi amal qilgan davrda ishtirokchi kompaniyalar tomonidan 4 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Shuningdek, dastur ishtirokchilari 10 milliard so‘mlik texnologiya va uskunalar xarid qilgan bo‘lib, ularning umumiy eksport hajmi 43 million AQSH dollaridan oshgan.
Yangilangan Incentives dasturi Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik» loyihasi doirasida hayotga tatbiq etilmoqda. Tashabbus mamlakat IT sohasining xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish va eksport imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA