O‘zbekistonda inson qadri va huquqlarini ta’minlashga qaratilgan migratsiya siyosati izchil amalga oshirilayotgani e’tirof etildi
Oliy Majlis Senatiga Xalqaro migratsiya tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Artur Yerken tashrif buyurdi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyani ta’minlash, odam savdosiga qarshi kurashish, mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda migratsiya sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Xalqaro migratsiya tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, maqsadli qo‘shma loyihalarni kengaytirish va preventiv mexanizmlarni takomillashtirish, migratsiya sohasida ilg‘or tajribalarni o‘rganish yuzasidan fikr almashildi.

Raqamli texnologiyalar sharoitida paydo bo‘layotgan odam savdosining yangi shakllari, onlayn ekspluatatsiya va virtual platformalar orqali sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonda inson qadri va huquqlarini ta’minlashga qaratilgan migratsiya siyosati izchil amalga oshirilayotgani e’tirof etildi. Jumladan, odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, tartibli mehnat migratsiyasini qo‘llab-quvvatlash, migrantlar huquqlarini ta’minlash, ularni kasb va tilga o‘qitish, shuningdek, xorijda xavfsiz mehnat faoliyatini ta’minlash hamda qaytgan migrantlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA