Boku forumida O‘zbekiston tajribasi yuksak baholandi
Asrlar davomida o‘zbek va ozarbayjon xalqlari tarixiy-madaniy aloqalar, umumiy turkiy ildizlar, o‘xshash an’ana va qadriyatlar bilan chambarchas bog‘lanib kelgan. Bu yaqinlik ikki davlat o‘rtasida o‘zaro ishonch, konstruktiv muloqot va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi shafeligida Boku shahrida o‘tgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev taklifiga binoan ishtirok etishi ikki mamlakat hamkorligining mantiqiy davomi bo‘ldi, deyish mumkin.
TDSHU Xalqaro munosabatlar kafedrasi mustaqil tadqiqotchisi Ziyo Jabborov tahliliga ko‘ra, o‘zining iqtisodiy salohiyati, aholisi va geosiyosiy o‘rni bilan O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi davlatlardan biri sifatida mintaqaviy integratsiya, xavfsizlik va transport-logistika sohalarida muhim o‘rin tutadi. Shu bois mamlakat tashqi siyosatidagi har bir muhim qadam mintaqa va xalqaro hamjamiyat diqqat markazida bo‘ladi. Ayniqsa, keyingi yillarda urbanizatsiya, uy-joy qurilishi, shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda ekologik barqarorlik yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro doiralarda yuqori baholanmoqda.
E’tirof etish joizki, forumning ochilish marosimida davlatimiz rahbarini Ilhom Aliyev hamda BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax qutlab qarshi oldi. Tadbir kun tartibidan shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini zamonaviy va hamyonbop uy-joy bilan ta’minlash, shahar muhiti sifatini yaxshilash, iqlim barqarorligini kuchaytirish, ijtimoiy va transport infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, uy-joyni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari o‘rin oldi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida forumning “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar” mavzusi bugungi jadal urbanizatsiya davrida har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Tahlillarga ko‘ra, XXI asr o‘rtalariga kelib, Yer yuzi aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda yashaydi. Bu esa urbanizatsiya jarayonlarini ilmiy yondashuv asosida boshqarish, “aqlli shahar” texnologiyalarini keng joriy etish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni dolzarb vazifaga aylantirmoqda.
Prezidentimiz urbanizatsiya sur’atlarining ortishi ijtimoiy muammolarni ham keskinlashtirayotganiga e’tibor qaratdi. Bugun dunyoda qariyb 3 milliard inson munosib yashash sharoitlaridan mahrum. Ularning bir milliarddan ortig‘i norasmiy turar joylar va nosog‘lom hududlarda istiqomat qilmoqda, 300 milliondan ziyod odam esa umuman boshpanasiz hayot kechiryapti. Iqlim o‘zgarishi, geosiyosiy ziddiyatlar va iqtisodiy inqirozlar global migratsiya to‘lqinlarini kuchaytirib, shaharlar zimmasiga yanada katta yuk yuklamoqda.
– Oddiy qilib aytganda, urbanizatsiya jarayonlari global barqarorlik va xavfsizlikka bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy omilga aylanmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
E’tiborlisi, davlatimiz rahbari shaharlarni barqaror rivojlantirish Yangi O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega ustuvor vazifalardan biri ekanini alohida qayd etdi. Yaqin 15 yilda mamlakat aholisi 38 milliondan 50 million nafarga yetishi, urbanizatsiya darajasi esa 51 foizdan 65 foizgacha oshishi prognoz qilinmoqda.
Shu munosabat bilan, o‘lkamizda shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish va uy-joy qurilishini kengaytirishga qaratilgan yirik dasturlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi o‘n yilda qurilayotgan uy-joylar hajmi qariyb 10 barobarga oshdi. Xususan, 2025-yilda 238 mingta xonadon barpo etilgan bo‘lsa, 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich yana 1,5 barobarga oshishi kutilmoqda. Aholini hamyonbop uy-joy bilan ta’minlash dasturlari uchun har yili davlat byudjetidan qariyb 2 milliard dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
Norasmiy turar joylar muammosini hal etish maqsadida 2024-yilda maxsus qonun qabul qilinib, 100 mingga yaqin uy-joyga huquqiy hujjatlar rasmiylashtirib berildi. Shu bilan birga, mamlakatda eskirgan uy-joy fondlarini yangilashga qaratilgan renovatsiya dasturi amalga oshirilmoqda. Unga muvofiq, yangilangan xonadonlar ulushini 15 foizdan 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Prezident nutqida “Yangi Toshkent” megaloyihasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, mazkur loyiha asosida “yashil”, “aqlli”, “xavfsiz” va “15 daqiqali shahar” tamoyillari mujassam etilgan. Loyihaning birinchi bosqichidayoq qiymati 25 milliard dollardan ortiq investitsiya tashabbuslarini amalga oshirish boshlandi. Shuningdek, “Yashil makon” va “Toza havo” dasturlari doirasida 2030-yilga qadar shaharlardagi yashil hududlar ulushini 30 foizga yetkazish vazifasi belgilangani ta’kidlandi.
– Eng muhimi, bu kabi loyihalar faqat poytaxtda emas, balki “Yangi O‘zbekiston” massivlari asosida mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilmoqda. Hozirgacha 61 ta shunday massiv barpo etildi, 2030-yilga borib esa ularning soni 100 taga yetadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Nutq yakunida O‘zbekiston Prezidenti Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030-yilda Yangi Toshkent shahrida o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. Davlatimiz rahbari forumning asosiy mavzusi sifatida “Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining o‘rni”ni belgilashni taklif qildi.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonning urbanizatsiya, barqaror rivojlanish va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish sohalarida to‘plagan tajribasini xalqaro maydonda namoyon etishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda. Zero, mahalla instituti asrlar davomida xalqimiz hayotining ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Bugungi kunda ham u shaharlar taraqqiyoti, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ekologik madaniyatni yuksaltirish, bandlikni ta’minlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA