O‘zbekistonda 8 ming 209 madaniy meros ob’ekti davlat muhofazasiga olingan
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi vakillarining qayd etishicha, 8 ming 209 moddiy madaniy meros ob’ekti davlat muhofazasiga olingan.
Shundan 4 ming 748 tasi arxeologiya, 2 ming 252 tasi arxitektura ob’ekti, 678 tasi monumental san’at asari, 532 tasi diqqatga sazovor joylar hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Vaqf xayriya jamoat fondiga 189 ob’ekt tekin foydalanish uchun berilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 31 maydagi bayoni bilan joriy yilda 158 madaniy meros ob’ektida ilmiy texnik tadqiqotlar o‘tkazish, loyiha - smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda asrashga doir ishlarni amalga oshirish belgilangan. Bu maqsad uchun byudjet mablag‘lari hisobidan 150 milliard so‘m ajratilgan.
Joriy yilda 104 madaniy meros ob’ektidan 59 tasining loyiha hujjati ishlab chiqilgan va ilmiy ekspert kengashiga kiritilgan. Shundan 47 ob’ektning loyiha hujjati ma’qullangan. 27 ob’ektning loyiha - smeta hujjati shaharsozlik ekspertizasi xulosasi olish uchun kiritilgan.
Ayni paytda ta’mirlash tiklash ishlarini amalga oshirish maqsadida 400 nafardan ortiq mahalliy usta - restavratorlar faoliyat yuritmoqda.
Eron va Turkiya davlatlaridan 40 nafarga yaqin restavratorlarni jalb etish va ular bilan tajriba amashish rejalashtirilgan.
2023 yilda davlat muzeylarini mukammal ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan 13 davlat muzeyida ta’mirlash ishlari boshlangan. Buning uchun esa byudjetdan 8,85 milliard so‘m ajratilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA