O‘zbekiston – yagona Vatan!
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan “O‘zbekiston – yagona Vatan!” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda viloyatda turli millat vakillari hamjihatlikda yashab, mehnat qilayotgani, viloyatning iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy rivojiga munosib hissa qo‘shayotgani alohida ta’kidlandi.
Yurtboshimizning bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ham ko‘p millatli xalqimizning oliyjanob intilishlari, amaliy harakatlari bilan jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, millatlar va dinlararo do‘stlik, bag‘rikenglik hamda hamjihatlik eng bebaho boyligimiz ekani alohida qayd etilgan.

Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlari kabi ahil va inoq yashab, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. “Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda” degan ezgu g‘oya asosida yurtimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikning o‘ziga xos ibratli modeli yaratildi. Poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” parki hududida “Bag‘rikenglik bog‘i”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda etno va sayyohlik qishloqlari tashkil etilgani mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni kengaytirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Turli millatga mansub yurtdoshlarimiz orasida o‘nlab deputat va senatorlar, davlat va jamoat arboblari, taniqli ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport namoyandalari, biznes vakillari munosib faoliyat ko‘rsatmoqda.

Hozirda Navoiy viloyatida ham o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq, rus, tojik, tatar, ozarbayjon, koreys, turkman kabi o‘nlab millat vakillari bir oila bo‘lib istiqomat qilmoqda. Ularning teng sharoitlarda yashashi, ta’lim olishi va mehnat faoliyatini olib borishlari uchun birdek sharoit yaratib berilgan. Jumladan, viloyatda 5 ta tilda ta’lim beruvchi maktablar, 10 ta milliy madaniy markaz faoliyat olib bormoqda.
Milliy madaniy markazlarga nodavlat notijorat tashkilotlari sifatida muayyan imtiyozlar yaratilgan. Ayni paytda grantlar, ijtimoiy buyurtma va subsidiyalar orqali ham ularning turli tashabbuslari faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bundan tashqari, viloyat markazida faoliyat yuritayotgan 5 ta milliy madaniy markazlarga Navoiy shahridagi “Do‘stlik va NNTlar uyi”dan xona va jihozlar ajratilgan.

Tadbir davomida turli millat vakillari tomonidan do‘stlik, ona Vatan va tinchlikni tarannum qiluvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri