Xususiy tibbiyot: sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilindi
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda raqobatbardosh muhitni yaratishda xususiy sektorning o‘rni kundan-kunga oshib bormoqda. Xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish hamda davlat va xususiy sheriklik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida soha vakillari ishtirokida tashkil etilgan ochiq muloqot aynan ana shu dolzarb masalalarga bag‘ishlandi.
Ochiq muloqotda Agentlik direktori Abdulla Azizov hamda xususiy tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda xususiy klinikalar faoliyati davomida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflar hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi.

Xususan, tibbiy sug‘urta tizimini xususiy sektorda samarali joriy etish, akkreditatsiya jarayonida uchrayotgan muammolar, litsenziyalash va ruxsat berish tartiblarini yanada soddalashtirish hamda qonunchilikdagi yangiliklarni amaliyotga samarali tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalari rahbarlari investitsiyalarni jalb etish, yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash va davlat organlari bilan hamkorlikni takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Abdulla Azizov har bir murojaat va taklif Agentlik tomonidan atroflicha o‘rganilishi, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish hamda xususiy tibbiyotni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida xususiy tibbiyot sohasi vakillari bilan bunday ochiq muloqotlarni muntazam o‘tkazish va dolzarb masalalarni o‘zaro hamkorlik asosida hal etishga kelishib olindi.
Mohigul Qosimova, O‘zA