O‘zbekiston yadro infratuzilmasini rivojlantirishda yana bir muhim bosqichdan o‘tdi
Joriy yilning 22-26-iyun kunlari “O‘zatom” agentligida Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA)ning milliy yadro infratuzilmasini kompleks baholash (INIR) bo‘yicha ikkinchi bosqich kuzatuv missiyasi faoliyat olib bordi.
Missiya doirasida mamlakatimizda yadro energetikasi dasturini amalga oshirish yo‘lida erishilgan natijalar va infratuzilmani rivojlantirish ishlari har tomonlama o‘rganildi. Bu esa O‘zbekistonning yadro energetikasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarida yana bir muhim bosqich sifatida baholanmoqda.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda “O‘zatom” agentligi direktori o‘rinbosari Shahzod Alirizayev, XAEA xalqaro ekspertlar guruhi rahbari Jon Haddad hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdi. Tadbirda atom energetikasini izchil rivojlantirish mamlakat iqtisodiyoti barqarorligi, energetika xavfsizligi va aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi, ushbu jarayonda xalqaro hamkorlik hal qiluvchi o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.
Missiya davomida xalqaro ekspertlar besh kun mobaynida O‘zbekiston Respublikasida yadro infratuzilmasining rivojlanish darajasini atroflicha tahlil qildi. Xususan, yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik, elektr tarmoqlarini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash, manfaatdor tomonlarni jalb etish, atrof muhitni muhofaza qilish hamda yadroviy jismoniy xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan “O‘zatom” agentligi direktori o‘rinbosari Shahzod Alirizayev XAEA ekspertlarining missiya davomidagi samarali faoliyatini yuksak baholab, ularga minnatdorlik bildirdi.
– XAEA ekspertlariga butun missiya davomidagi professional, konstruktiv va g‘oyat samarali mehnati uchun samimiy minnatdorligimizni bildiramiz. Shu kunlar ichida biz sermazmun muhokamalar o‘tkazib, qimmatli tavsiyalar oldik. Missiya jamoasining professionalligi, xolisligi va ko‘magini alohida e’tirof etmoqchimiz. Bunday hamkorlikdagi ish O‘zbekistonning yadro energetikasi dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirishida juda muhim ahamiyatga ega, – dedi Sh.Alirizayev.
Missiya yakunlari yuzasidan XAEA ekspertlari O‘zbekistonda davlat tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, texnik tadqiqotlar, energetika tizimiga jalb qilingan investitsiyalar, mutaxassislar tayyorlash dasturlari hamda jamoatchilik bilan samarali hamkorlikni yuqori baholadi.
XAEA xalqaro ekspertlar guruhi rahbari Jon Haddad ham O‘zbekistonning yadro energetikasini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlariga yuqori baho berdi.

Missiya yakunlari bo‘yicha xalqaro ekspertlar dastlabki hisobotni tayyorlab, “O‘zatom” agentligiga topshirdi. Mazkur hujjat O‘zbekiston tomoni va XAEA rahbariyati bilan kelishish tartibidan o‘tgach, hisobotning yakuniy nusxasi Xalqaro atom energiyasi agentligi platformasida rasman e’lon qilinib, jahon hamjamiyatiga taqdim etiladi.
INIR ikkinchi bosqich kuzatuv missiyasining muvaffaqiyatli yakunlanishi O‘zbekistonning yadro energetikasi sohasida xalqaro talab va standartlarga qat’iy amal qilayotganini yana bir bor tasdiqladi. Shu bilan birga, mamlakatning tinch atomdan foydalanish, zamonaviy yadro infratuzilmasini shakllantirish va xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak e’tirof etildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA