O‘zbekiston metrologiya sohasida xalqaro standartlar sari yana bir qadam tashladi
Texnik jihatdan tartibga solish agentligida “Milliy sifat infratuzilmasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida xalqaro konsalting kompaniyasi Policy and Management Consulting Group (PMCG) ekspertlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda metrologiya sohasini takomillashtirish va uni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda xalqaro konsalting kompaniyasi ekspertlari Nino Javaxadze va Otar Anita ishtirok etdi. Tomonlar metrologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning bugungi holati, huquqiy bazani yanada takomillashtirish, milliy etalonlar bazasini rivojlantirish, davlat metrologiya nazorati tizimini modernizatsiya qilish hamda sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish yuzasidan atroflicha fikr almashdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosi (BIPM) hamda Metrik konvensiyaning to‘la huquqli a’zosi, shuningdek EURAMET tashkilotining assotsiatsiyalashgan a’zosi sifatidagi ishtiroki xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi. Bu esa mamlakatimizda o‘lchovlar birligini ta’minlash va milliy sifat infratuzilmasini xalqaro talablar asosida rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi sifatida e’tirof etildi.

Uchrashuv davomida Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi tegishli farmoni ijrosi doirasida metrologiya tizimini takomillashtirish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va sohani xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi.

Tomonlar milliy sifat infratuzilmasini yanada takomillashtirish, metrologiya sohasida ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni izchil amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Bunday uchrashuvlar milliy metrologiya tizimining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish, mahsulot va xizmatlar sifati hamda xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA