O‘zbekiston-Xitoy: To‘qimachilik sohasida investitsiyaviy hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasida Xitoyning “Yifa Commercial Group” kompaniyasi hamda Venchjou shahridagi “Bir makon, bir yo‘l” korxonalarni rivojlantirish uyushmasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot davomida to‘qimachilik tarmog‘iga Xitoy investitsiyalarini jalb qilish, O‘zbekistonda qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, tayyor mahsulotlar savdosini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xitoylik hamkorlar O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish, savdo-taqsimot markazini tashkil etish va tayyor mahsulotlarni mamlakatimiz bozoriga yetkazib berishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, sun’iy va sintetik tolalar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda xorijiy investorlarga O‘zbekistonda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, mavjud imkoniyatlar, shuningdek, mamlakatimizdan Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va MDH davlatlariga to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish salohiyati haqida ma’lumot berildi.
Uyushma axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, “Yifa Commercial Group” 7-8 mingga yaqin kompaniya va brendni birlashtirgan yirik sanoat tuzilmasi hisoblanadi. Guruh Xanchjou shahrida umumiy maydoni qariyb 700 ming kvadrat metr bo‘lgan 9 ta savdo-ishlab chiqarish majmuasini boshqaradi.
Uchrashuv yakunida galdagi rejalar belgilab olindi. Shundan so‘ng mehmon tomoni mamlakatimiz to‘qimachilik korxonalari vakillarini 28-29-avgust kunlari Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tadigan “Yifa” kiyim-kechak sohasida tajriba almashish bo‘yicha XVI Butunjahon konferensiyasiga taklif etildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA