Farg‘onada energiya ta’minotidagi muammolar manzilli bartaraf etilmoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona tumanida aholini gaz va elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash, mavjud muammolarni joyida o‘rganib, tezkor bartaraf etishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
«Hududgazta’minot» AJ boshqaruvi raisi M.Xo‘jayev rahbarligidagi maxsus shtab tomonidan hududdagi vaziyat va aholi murojaatlari o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Tabiiy gaz ta’minoti tizimida tarmoqlarni optimallashtirish maqsadida 47,5 kilometr qo‘shqator gaz quvuri demontaj qilinib, yagona uzatish tizimiga o‘tkazildi. 262 ta xonadon ikki bosqichli gaz ta’minoti tizimiga o‘tkazilgan bo‘lsa, 137 ta eski gaz taqsimlash qurilmasi yangilandi.
[gallery-30805]
Shuningdek, aloqasida muammo bo‘lgan 808 ta gaz hisoblagichining ishlash tizimi tiklandi. Suyultirilgan gaz ta’minotida uzilish kuzatilgan mahallalarda ham zarur choralar ko‘rilib, 2 ming 489 ta iste’molchiga 49,7 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
Elektr ta’minotida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. 73 ta transformator punkti va 41,1 kilometr elektr tarmog‘i mukammal ta’mirlandi. 447 ta hisoblagichning aloqasi tiklanib, elektr energiyasi iste’moliga oid ma’lumotlarni avtomatik uzatish qayta yo‘lga qo‘yildi.
Iste’molchilar bilan manzilli ishlash natijasida gaz ta’minoti sohasida 305,5 million so‘m, elektr ta’minotida esa 2,7 milliard so‘mlik debitor qarzdorlik undirildi.
O‘rganishlar jarayonida gaz ta’minotida 4 ta, elektr tizimida 17 ta noqonuniy holat aniqlanib, tegishli materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Amalga oshirilayotgan ishlar hududda energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash va aholi murojaatlarini joyida hal etishga qaratilgan.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA