O‘zbekiston va Yaponiya strategik iqtisodiy sheriklikni mustahkamlamoqda
Bugungi kunda ushbu ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ustuvor yo‘nalishlardagi sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Ana shu maqsadlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida Yaponiyaning Ishbilarmonlik hamkorligi qo‘mitasi – KEIDANREN raisi Hashimoto Takeshi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, infratuzilmaviy va innovatsion hamkorlikni kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Yaponiya tomoni ekologiya, iqlim o‘zgarishi, inson kapitali, sun’iy intellekt va raqamlashtirishni hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etdi. O‘zbekiston tomoni esa raqamli transformatsiya, energetika va turizm sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, “yashil” texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, kadrlar tayyorlash hamda O‘zbekiston yoshlari uchun Yaponiyada mehnat qilish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar qayd etganidek, investitsiyalar, infratuzilma, energetika, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish va inson kapitalini rivojlantirish sohalarida strategik iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA