O‘zbekiston va Xitoy: “yashil” energetikani rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolandi
Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xitoyning “Inner Mongolia Technology University” va “China Datang Corporation” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Tomonlar muzokaralar davomida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash, investitsiya loyihalarini kengaytirish va xalqaro tajriba almashish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdi.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur kelishuv energetika sohasida uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish hamda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu memorandum yaqinda Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida bo‘lib o‘tgan Uchinchi O‘zbekiston – Xitoy hududlararo forumi doirasida imzolangan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA