O‘zbekiston va Turkiya partiyalararo aloqalar mustahkamlanmoqda
Bugun Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Haitov hamda Turkiya Respublikasining “Buyuk birlik” partiyasi raisi Mustafo Destiji boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston-Turkiya hamkorligini yanada mustahkamlash hamda partiyalararo muloqotni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Partiya yetakchisi A.Haitov mehmonlarni tashrif bilan qutlar ekan, joriy yilda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganiga o‘ttiz yil to‘lishini alohida qayd etdi. Ikki mamlakat munosabatlari mustahkam tarixiy-madaniy va ma’naviy ildizlarga tayanishini, birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik rishtalar bugungi kunda iqtisodiyot, investitsiya, ta’lim va madaniyat sohalarini qamrab olgan keng qamrovli strategik sheriklik formatida yangi mazmun bilan boyiyotganini ta’kidladi.
O‘tgan davr mobaynida ikki tomonlama munosabatlar an’anaviy aloqalardan o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlashga asoslangan to‘laqonli strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilgani, birgina 2025-yilda tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollarga yetgani, O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokida 2 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritayotganini aytib o‘tdi.
[gallery-29202]
O‘z navbatida, Mustafo Destiji O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadi. O‘zbekiston turkiy dunyo olamida madaniyat, ma’rifat, islom dini markazi sifatida o‘z o‘rniga egaligini, Samarqand, Buxoro singari tarixiy shaharlari ziyoratchilarni o‘ziga jalb etishi bilan e’tiborga molik ekanini ta’kidladi. U “Buyuk birlik” partiyasi milliy birlik, ijtimoiy adolat va ma’naviy qadriyatlarni asrash tamoyillariga tayangan holda, qardosh turkiy xalqlar bilan aloqalarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratayotganini qayd etib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida Turkiy davlatlar tashkilotining ko‘p tomonlama hamkorlik maydoni sifatidagi roliga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu tuzilma so‘nggi yillarda institutsional jihatdan mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy, ilmiy-ta’lim va madaniy sohalarda o‘nlab aniq loyihalar bilan boyiyotgani e’tirof etildi.
O‘zbekiston tomoni “Buyuk birlik” partiyasining turkiy xalqlar o‘rtasida yaqin hamkorlik g‘oyalarini ilgari surish va madaniy o‘zlikni saqlash borasidagi faoliyatiga yuksak hurmat izhor etdi. Partiyalararo hamkorlikning istiqbollarini muhokama qilish doirasida kelajakdagi asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hurmat va teng huquqlilik tamoyillari asosida manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Muhtarama Komilova,
Farhod Abdullayev (surat),
O‘zA