O‘zbekistonda yashil energiya ulushini oshirish bo‘yicha qat’iy yondashuv shakllandi
Samarqandda Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Davlatimiz rahbari tadbirning ochilish marosimida nutq so‘zladi. Xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, yig‘ilish doirasida “ACWA” kompaniyasi rahbari Muhammad Abunayyan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Unda sheriklik aloqalarini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvdan so‘ng “ACWA” kompaniyasi rahbari Muhammad ABUNAYYANning fikrlari bilan qiziqdik.
– Avvalo shuni alohida aytishim kerak, o‘z yurtimdek bo‘lib qolgan O‘zbekistonda ekanimdan xursandman. Bu yerga har kelishim o‘ziga xos tuyg‘u bag‘ishlaydi, shu lahzalarni intiqlik bilan kutaman, – dedi Muhammad Abunayyan. – Ushbu imkoniyat uchun minnatdorman. O‘zbekistonga har safar kelganimda Prezident Janobi Oliylari uchrashuvga taklif qilib, yuksak hurmat ko‘rsatadilar. Bu men uchun katta sharaf.
Har gal u kishi bilan uchrashish, Saudiya – O‘zbekiston kengashi doirasida turli sohalarga sarmoya jalb etishni kengaytirishga qaratilgan ulkan maqsadlar haqida eshitish men uchun katta mamnuniyatdir. Shu bilan birga, ushbu sarmoyalar qay darajada amalga oshirilayotganini ham birgalikda ko‘rib chiqamiz.
Janobi Oliylari barcha jarayonlardan doimo xabardor. U kishi har bir loyihaning holati haqida so‘raydi. Jarayonni tezlashtirish va muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan barcha yordamni ta’minlaydi. Ularning tashabbuslari va amalga oshirayotgan islohotlari ushbu sarmoyalarning muvaffaqiyatli amalga oshishiga mustahkam zamin yaratib kelmoqda.
Bu sarmoyalar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Har bir uchrashuvda biz, avvalo, amalga oshirilgan ishlarga baho beramiz. Shu bilan birga, kelgusida O‘zbekistonga qanday yangi sarmoyalarni olib kirish masalasini muhokama qilamiz.
Shuningdek, Janobi Oliylari kompaniyamizning turli hududlarda, turli texnologiyalar va yechimlar asosida amalga oshirayotgan barcha loyihalarini ham shaxsan kuzatib bormoqda.
Aytish joizki, u kishi O‘zbekistonning strategik rivojlanish yo‘lini juda erta belgilab berdi. Xususan, yashil energetika, energiya almashinuvi va energetik xavfsizlik masalalariga juda erta e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston Prezidenti boshqa ko‘plab davlatlar hali bu masalalarga to‘liq e’tibor qaratmasidanoq, ushbu yo‘nalishlarda aniq va uzoqni ko‘zlagan maqsadlarni belgilab berdi. Qayta tiklanadigan va yashil energiya ulushini oshirish bo‘yicha qat’iy yondashuv shakllandi.
Eng muhimi, bu loyihalar faqat texnologiya nuqtai nazaridan emas, balki iqtisodiy samaradorlik va ijtimoiy ta’sir jihatidan ham puxta o‘ylangan. Bu esa samaradorlikni ta’minlaydi, tannarxni optimallashtiradi va barqaror natijaga olib keladi.
Aytish kerakki, bugungi kunda O‘zbekistonning energiya siyosati ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘la oladi.
Bu jarayonda faqat ta’minot masalasi emas, balki to‘g‘ri iqtisodiy yondashuv va ijtimoiy omillar, jumladan, mahalliy kadrlar tayyorlash ham hisobga olingan.
Janob Prezident inson kapitaliga alohida e’tibor qaratadi. Mamlakatingizda yoshlarni yangi texnologiyalarga o‘qitish, ularni zamonaviy bilimlar bilan ta’minlash, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Qurilish, ekspluatatsiya va texnik xizmat ko‘rsatish kabi jarayonlarda mahalliy kadrlarning ishtirokini ta’minlash, ularni o‘qitish va rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Saudiya Arabistonida energetik transformatsiya va yashil energetikani joriy etish jarayoni Valiahd shahzoda va Bosh vazir rahbarligi ostida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik natijasida energetika samaradorligi bo‘yicha muhim yangiliklar va bilimlar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Bugun bu yo‘nalishda institutsional asoslar ham yaratilgan.
Bularning barchasi Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasida Janobi Oliylari Prezident Shavkat Mirziyoyevning yetakchiligi ostida shakllangan yaqin va ishonchli hamkorlik samarasidir.
Bugungi kunda dunyodagi ko‘plab mamlakatlar energetik xavfsizlik masalasini inqiroz sharoitida hal qilishga majbur bo‘lmoqda. Ammo O‘zbekistonda bu masala ancha oldindan, strategik yondashuv asosida hal etilgan. Shuning uchun ham mamlakat bugungi global o‘zgarishlarga barqaror holda javob bermoqda.
Bu esa Prezidentingizning uzoqni ko‘ra bilishi, qat’iyati va puxta rejalashtirilgan siyosati natijasidir.
Bilasizmi, ochiq va samimiy aytadigan bo‘lsam, men u kishining yetakchiligidan juda ta’sirlanganman. Dunyoda strategiya va qarashlar haqida gapiradigan yetakchilar ko‘p. Lekin bu g‘oyalarni amalga oshiradigan, ularni real natijaga aylantiradigan yetakchilar juda kam.
Janobi Oliylari Prezident Shavkat Mirziyoyev aynan shunday yetakchi. U kishi nafaqat strategiya belgilaydi, balki uni hayotga tatbiq etadi, natijaga erishadi va bu jarayonga shaxsan mas’uliyat bilan yondashadi.
Eng katta ustunligi egalik hissi va amaliy yondashuvidir. U kishi faqat reja tuzib qolmaydi, balki uni to‘liq amalga oshirishga erishadi. Shu bilan birga, nafaqat mamlakat yoki mintaqa uchun, balki xalqaro hamjamiyat uchun ham kuchli namuna bo‘lib kelmoqda.
Bugun biz buni amalda ko‘rib turibmiz. Ilgari O‘zbekistonga investorlarni jalb qilish juda qiyin edi. Ko‘plab davlatlardan investorlar deyarli kelmasdi.
Hozir esa vaziyat mutlaqo o‘zgargan. Bugun butun dunyodan sifatli va yirik investorlar O‘zbekistonga kelmoqda. Bu katta mehnat, izchil islohotlar va qat’iy siyosiy iroda natijasidir.
Shaffoflikni ta’minlash, institutsional islohotlar, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash – bularning barchasi bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Va, eng muhimi, bu jarayonlar ortida haqiqiy qat’iyat va amaliy harakat turibdi.
Bugun xalqaro anjumanlarda ham buni yaqqol ko‘rish mumkin. Biz ayni paytda ishtirok etayotgan tadbirda ham dunyoning turli burchaklaridan kelgan ishtirokchilarni ko‘rib turibmiz.
Yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan investitsiya forumida ham bu yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Ishonchim komilki, u yerda siz dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yetakchi kompaniyalar va investorlarni ko‘rasiz.
Bu O‘zbekistonning qanday o‘zgargani, qanday imkoniyatlar ochilganini ko‘rsatadigan eng aniq dalildir.
Men bir narsani alohida ta’kidlamoqchiman. O‘zbekiston har qanday investormas, balki, jiddiy, uzoq muddatli, mas’uliyatli va sheriklikka tayyorlarnigina qabul qiladi.
Bu yerda “kelib-ketadigan” sarmoyadorlar uchun sharoit yaratilmaydi. Uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli va barqaror hamkorlik qadrlanadi.
Bunday yondashuv natijasida sifatli investorlar kelmoqda va ular o‘z sarmoyasidan munosib natija olmoqda.
Janobi Oliylari Prezidentga alohida rahmat aytish kerak. U kishi juda ko‘p mamlakatlarda hali kuzatilmagan darajadagi islohotlarni amalga oshirdi.
Markaziy Osiyoga qarang. U kishi qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Ko‘plab kelishmovchiliklarni hal qilishga xizmat qildi va mintaqada o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini shakllantirdi.
Bugun Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi yaqinlik va hamjihatlik – bu ham kuchli siyosiy iroda va yetakchilik natijasi.
Nega ba’zi davlatlar bunday tezlikka erisha olmayapti? Chunki bu yerda faqat rahbarlik emas, balki yetuk strategik fikrlash va amaliy harakat uyg‘unligi mavjud.
Janobi Oliylari Prezident ana shu uyg‘unlikni ta’minlay olgan yetakchi. Shuning uchun ham bugun ko‘plab davlatlar va xalqaro doiralar O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga katta qiziqish bilan qaramoqda.
Xitoy, Shveysariya, Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi boshqa ko‘plab mamlakatlarda bo‘ldim. Hamma joyda bir narsani ko‘rdim. Odamlar O‘zbekiston haqida eshitgan, qiziqish bildirmoqda va bu mamlakatni yaqindan tanishni istayapti.
O‘zbekiston bugun dunyodagi eng yorqin transformatsiya misollaridan biriga aylandi. Va, bu, albatta, Janobi Oliylari Prezidentning yetakchiligi va xalqning qo‘llab-quvvatlashi natijasidir.
Shu bilan birga, men bir muhim jihatni alohida ta’kidlamoqchiman: bu yutuqlar ortida buyuk xalq turibdi. Yoshlar mamlakatning eng katta boyligi hisoblanadi. Ular bilimga chanqoq, o‘zgarishlarga tayyor va yuqori maqsadlarga intilmoqda. Bu esa kelajak uchun yanada katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Biz esa, Saudiya Arabistoni va Saudiya biznes kengashi sifatida, shuningdek, ACWA va Vision Invest kompaniyalari orqali, O‘zbekistonda turli infratuzilma loyihalariga sarmoya kiritmoqdamiz.
Ushbu loyihalar qatorida aeroportlar, tibbiyot muassasalari, jumladan, Farg‘onadagi shifoxona, shuningdek, suv ta’minoti, suvni qayta ishlash, markazlashtirilgan sovitish va isitish tizimlari kabi yirik tashabbuslar bor.
Bundan tashqari, ko‘chmas mulk, turizm va ishlab chiqarish sohalarida ham faol ish olib borilmoqda. Biz O‘zbekistonga zamonaviy texnologiyalar va yuqori sifatli ishlab chiqarish yechimlarini olib kirmoqdamiz.
Ayrim kompaniyalar bu yerda mahalliy korxonalarni sotib olib, nou-xau va zamonaviy texnologiyalarni joriy etmoqda.
Bizning maqsadimiz O‘zbekistonni faqat iste’mol bozori sifatida emas, balki mintaqaviy markazga aylantirishdir. Ya’ni bu yerda yaratilgan mahsulotlar va yechimlar keyinchalik boshqa mamlakatlarga ham eksport qilinadi. Bu esa O‘zbekistonni texnologiya va bilim tarqatuvchi markazga aylantiradi.
Shu ma’noda, Saudiya Arabistonidagi rahbariyat – Valiahd shahzoda va Bosh vazir, shuningdek, energetika vaziri Janobi Oliylari Shahzoda Abdulaziz bin Salmonning qo‘llab-quvvatlashi bu hamkorlikni yanada kuchaytirmoqda.
Ularning qarashlari va ambitsiyalari doimo oldinga intilishga qaratilgan va bu hamkorlik yil sayin yanada kengayib bormoqda.
Sizga juda muhim bir jihatni aytib bermoqchiman. Men siyosatchi emasman, tadbirkorman. Lekin tadbirkor sifatida amaliyotda ko‘rayotgan narsam shuki, bugungi kunda dunyoda noaniqliklar juda ko‘paydi. Geosiyosiy vaziyat, urushlar, turli xavflar – bularning barchasi ko‘plab mamlakatlarni yanada ehtiyotkor, hatto konservativ qilib qo‘ydi.
Ko‘p davlatlar endilikda asosan o‘z ichki bozoriga e’tibor qaratmoqda, boshqa mamlakatlarga sarmoya kiritishga unchalik shoshilmayapti.
Ammo bizning holatimiz boshqacha. Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar – oddiy hamkorlik emas, – o‘zaro ishonchga asoslangan strategik sheriklik.
Ikki mamlakat rahbarlari – Valiahd shahzoda, Bosh vazir va Janobi Oliylari Prezident o‘rtasida shakllangan yaqin va ishonchli munosabatlar biz, tadbirkorlar uchun juda katta ahamiyatga ega.
Bu ishonch bizga nafaqat ishonch, balki yanada ko‘proq ish qilish, yanada kattaroq loyihalarga kirishish va yanada katta natijalarga erishish uchun kuchli motivatsiya beradi.
Shu o‘rinda aniq aytishim mumkin, kecha Janobi Oliylari Prezidentga aytganimizdek, Saudiya Arabistonidan kiritilgan sarmoya hajmi 26 milliard dollardan oshgan bo‘lsa, endi bu ko‘rsatkichni yanada oshiramiz.
Janobi Oliylari rahbarligi ostida bergan va’damizga muvofiq, bu yil sarmoya hajmini 30 milliard dollardan oshirishni rejalashtirganmiz.
Bu bilan cheklanib qolmaymiz. Biz allaqachon 2030-yilgacha bo‘lgan rejalarni tuzmoqdamiz.
Chunki ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida umumiy maqsadlar va katta rejalar bor. Ular doimo oldinga intiladi va erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmaydi.
Ularning maqsadlari yuqori, va, biz, biznes vakillari sifatida, bu maqsadlarni amalga oshirishda faol ishtirok etishimiz kerak.
Bizning vazifamiz Saudiya Arabistoni va sevimli mamlakatimiz O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaydigan haqiqiy iqtisodiy sherikka aylanishdir.
Saudiya Arabistonidan kelgan biznes vakillari sifatida bu yerda nafaqat sarmoya kiritish, balki qo‘shma qiymat yaratish, yangi imkoniyatlar ochish va O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shish uchun kelganmiz.
Shaxsan men har safar bu yerga kelganimda o‘zimni uyimdagidek his qilaman. Bu mamlakatga kelganda menda doimo xursandchilik va ilhom paydo bo‘ladi.
Ketayotganimda esa, yana qachon qaytib kelishim haqida o‘ylayman.
Inshaalloh, yaqin oylarda yana qaytib kelaman. Investitsiya forumida yana uchrashamiz.
Shunda bugungi uchrashuv va muhokamalardan keyin qanday natijalarga erishganimiz, qanday yangi loyihalarni amalga oshirganimiz va O‘zbekistonga yana qanday sarmoyalar va bilimlarni olib kelganimizni birgalikda muhokama qilamiz.
O‘zA muxbiri I.AVVALBOEV tayyorladi.