O‘zbekiston va "Traxys" kritik minerallar sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent xalqaro investitsiya forumida O‘zbekiston ishtirokida strategik xomashyolarning global ta’minot zanjirini shakllantirishda yangi bosqichni boshlab bergan muhim voqea yuz berdi.
Amerikaning “Traxys” kompaniyasi hamda «O‘zbekiston texnologik metallar kombinati» AJ (TMK) umumiy qiymati 16 million dollardan ortiq bo‘lgan eksport shartnomalari to‘plamini imzoladilar. Hujjatlarga “Traxys” bosh ijrochi direktori Mark Kristoff va «O‘zbekiston texnologik metallar kombinati» AJ boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari O‘ktamjon Karimov imzo chekdi.
Erishilgan 3 ta kelishuvga muvofiq, iyul oyidan boshlab joriy yil davomida amerikalik sheriklarga briket ko‘rinishidagi metall molibden, tabletka shaklidagi reniy hamda metallurgiya maqsadlariga mo‘ljallangan molibden tayoqchalari yetkazib beriladi.
Bugungi kelishuvlar oddiy tijorat bitimi emasligini alohida ta’kidlash lozim. Ular O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatni kritik minerallar bo‘yicha global ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiya qilishga qaratilgan izchil siyosatning amaliy davomi bo‘ldi.
Davlat rahbarining siyosiy irodasi hamda 2025-yil noyabr va 2026-yil boshida AQSHga amalga oshirgan tashriflari O‘zbekiston va “Traxys” o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi. O‘sha paytda kritik metallar sohasidagi uzoq muddatli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab bergan kelishuvlar imzolangan bo‘lib, erishilgan natijalar ikki mamlakat o‘rtasida barqaror sanoat kooperatsiyasi tizimini shakllantirishga yangi sur’at bag‘ishladi.
Joriy yil boshidayoq “Traxys” Toshkentda Markaziy Osiyodagi birinchi mintaqaviy vakolatxonasini ochdi. Ushbu ofis qo‘shma loyihalarni tezkor muvofiqlashtirish, texnologik aloqalarni rivojlantirish va o‘zbekistonlik sheriklar bilan samarali hamkorlikni ta’minlovchi muhim markazga aylandi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri kelajakdagi yetkazib berishlarni avanslash mexanizmiga asoslangan uzoq muddatli offteyk-shartnomalarga o‘tish hisoblanadi. Hujjatlarni imzolash marosimida “Traxys” va TMK kelgusidagi mahsulotlar uchun oldindan to‘lovni nazarda tutuvchi yangi sheriklik formatidagi yana bir kontraktga ham qo‘l qo‘ydilar. Inchunun, gap eksportdan oldingi moliyalashtirish mexanizmi haqida bormoqda. Unga ko‘ra, “Traxys” o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchiga 150 million dollargacha mablag‘ ajratishi ko‘zda tutilgan. An’anaviy bank kreditlashidan farqli ravishda, bu hisob-kitoblar turi mablag‘larni qaytarish uzoq muddatli shartnomalar asosida strategik metallar yetkazib berish orqali amalga oshiriladi. Bu yondashuv kombinatga obligatsiyalar chiqarmasdan va qarz yukini oshirmasdan katta moliyaviy resurslarni jalb qilish, shu bilan birga jahon bozorida mahsulotlarning kafolatlangan sotuvini ta’minlash imkonini beradi.
Hamkorlikning keyingi bosqichi sifatida “Traxys”, «O‘zbekiston texnologik metallar kombinati» AJ hamda zarur texnologiyalar, tajriba va moliyaviy resurslarga ega bo‘lgan boshqa yirik xalqaro ishtirokchilarni birlashtirgan konsorsium tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu konsorsium geologiya-qidiruv ishlari, kritik minerallarni qazib olish va chuqur qayta ishlash bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishi, shuningdek, xalqaro texnik ekspertiza, investitsiya kapitali jalb qilinishi va istiqbolli korxonalar ustav kapitalida ishtirok etishini ta’minlashi ko‘zda tutilmoqda.
Hamkorlikni izchil mustahkamlash jarayoni “TMIF-2026” kunlarida O‘zbekiston tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri B.Islomovning “Traxys” kompaniyasi bosh direktori M.Kristoff boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi davomida yanada rivojlantirildi. Uchrashuvda vazirlikning “Traxys” bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekani alohida qayd etildi. Bugungi kunda mazkur hamkorlik an’anaviy savdo munosabatlari doirasidan chiqib, asta-sekin uzoq muddatli strategik sheriklik tusini olayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Umuman, bunday sheriklik modelining shakllanishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish, investitsiya jarayonlarini jadallashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini kengaytirish vazifalariga to‘la mos keladi.
“Traxys” va «O‘zbekiston texnologik metallar kombinati» AJ o‘rtasidagi hamkorlik esa davlat rahbarlari darajasida qabul qilingan strategik qarorlar aniq investitsiyalar, yangi ishlab chiqarish imkoniyatlari va O‘zbekistonning jahon kritik minerallar bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/pWZB9VNeOfE" title="O‘zbekiston va Traxys hamkorlikni kengaytirmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov, O‘zA