Klaster: Dehqon manfaati — ustuvor maqsad
Qishloq xo‘jaligida yuqori natijaga erishish avvalo ilmiy yondashuv, zamonaviy agrotexnologiyalar va ishonchli hamkorlikka bog‘liq. “BMB Agrocluster” tomonidan dehqon va fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy ishlar esa mazkur yo‘nalishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“BMB Holding” tarkibida faoliyat yuritayotgan “BMB Agrocluster” mahalliy dehqon va fermer xo‘jaliklari bilan kontraktatsiya shartnomalari asosida samarali hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘ygan. E’tiborlisi, mazkur hamkorlik faqat mavsum yakunida yetishtirilgan mahsulotni qabul qilib olish bilan cheklanmaydi. Korxona tomonidan dehqon va fermerlarning mehnat samaradorligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratilayotir.
Shu maqsadda hududlarning iqlim xususiyatlari va tuproq unumdorligi chuqur tahlil qilinib, har bir hudud uchun mos bo‘lgan yuqori hosilli ekin navlari tavsiya etilmoqda. Bu esa hosildorlikni oshirish, mahsulot sifatini ta’minlash va dehqon mehnatidan ko‘proq daromad olish imkonini yaratmoqda.

Ayniqsa, mahsulotlarni uzoq masofalarga, jumladan, tashqi bozorlarga yetkazib berish jarayonida ularning sifati va tabiiy xususiyatlarini saqlab qolish masalasi doimiy e’tibor markazida turibdi. Bu esa eksportbop mahsulotlar hajmini ko‘paytirish va raqobatbardoshlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Bugungi kunda ham korxona rahbariyati qishloq xo‘jaligi sohasining tajribali va malakali mutaxassislarini jalb etgan holda hududlarda fermerlar hamda tomorqa yerlari egalari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Xususan, Jizzax viloyati Forish tumanida tashkil etilgan muloqotlarda yerdan samarali foydalanish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirish yuzasidan muhim tavsiyalar berilmoqda.

Mutaxassislarning amaliy maslahatlari dehqonlarning bilim va ko‘nikmalarini boyitish, ekinlarni parvarishlash sifati hamda mehnat unumdorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, “BMB Agrocluster” tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bunday ilmiy-amaliy ko‘mak nafaqat hosildorlikni yuksaltirishga, balki dehqonning mashaqqatli mehnati samarasini kafolatlashga ham xizmat qiladi. Zero, dala boshida boshlangan mustahkam hamkorlik pirovardida yuqori natijalar, sifatli mahsulotlar va eksport salohiyatini oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri