O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni rivojlantiradi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd bin Abdurrahmon Al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan qator ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi. Xususan, tibbiyotni raqamli texnologiyalar asosida takomillashtirish, innovatsion yechimlarni amaliyotga keng joriy etish hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan samarali foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlar asosida yuksaltirish, shifokorlar va mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda ilg‘or tajribalar almashinuvini faollashtirish yuzasidan takliflar muhokama qilindi.
Tomonlar investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish orqali qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda ikki mamlakatning tegishli muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini mustahkamlash muhimligini qayd etdi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, muzokaralar yakunida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda kelishilgan yo‘nalishlardagi hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olingan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA