Fuqarolar odam savdosi to‘g‘risida: xabardorlik, sabablar, oqibatlar va qarshi kurashish
«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi tomonidan zamonamizning eng keskin va tashvishli muammolaridan biri — odam savdosi masalalariga bag‘ishlangan tizimli, har tomonlama va ilmiy jihatdan asoslangan monitoring tadqiqotlari o‘tkazilmoqda.
Ushbu muammo nafaqat fuqarolarimiz va jamiyatimiz xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi, balki adolatli ravishda xalqaro hamjamiyatni ham tashvishlantirmoqda.
RJFO‘M tomonidan o‘tkazilayotgan so‘rovlar ijtimoiy kayfiyat dinamikasini va fuqarolarimizning ham mamlakat ichida, ham uning tashqarisida duch kelayotgan haqiqiy xavflarni idrok etishini aks ettirib, alohida dolzarbligi va o‘z vaqtidaligi bilan ajralib turadi. Globallashuv, migratsiya oqimining o‘sishi va ijtimoiy o‘zgarishlar sharoitida bunday tadqiqotlar tashxislash va tahlilning qudratli vositasiga aylanmoqda.
So‘rovlar davomida olingan ma’lumotlar yuqori darajada amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, vakolatli organlar va manfaatdor tuzilmalar tomonidan odam savdosi holatlarining oldini olish bo‘yicha yanada samarali, maqsadli va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishda; uning barcha ko‘rinishlarini aniqlash va oldini olishda, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardan tortib to madaniy va institutsional sohalargacha ekspluatatsiyani keltirib chiqaradigan omillarni bartaraf etishda foydalanilishi mumkin.
Tadqiqotning asosiy maqsadi va vazifalari odam savdosi muammosi to‘g‘risida fuqarolarning xabardorlik darajasini; odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning sabablari va oqibatlarini; odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi to‘g‘risida fuqarolarning fikrini monitoring tartibida aniqlashdir
So‘rovning mamlakat miqyosidagi reprezentativligi ko‘p bosqichli stratifikatsiyalangan tanlovdan foydalanish, shuningdek, tumanlar, aholi manzillari, mahallalar, uy xo‘jaliklari va respondentlarning tasodifiy tanlovi orqali ta’minlanadi. Ma’lumotlarni to‘plash yagona standartlashtirilgan savolnoma yordamida bevosita uyda, respondent bilan yuzma-yuz so‘rov o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
O‘tkazilgan jamoatchilik fikri so‘rovlarining monitoringi shuni ko‘rsatdiki, aholining odam savdosi haqidagi xabardorligi so‘nggi yillarda barqaror yuqori darajada bo‘lib qolmoqda. Respondentlarning aksariyati ushbu muammo haqida yaxshi bilishini ta’kidlashgan, bu esa muammo haqida aholining keng qatlamlarini xabardor qilish bo‘yicha mamlakatda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligidan, davlat organlari, huquqni muhofaza qilish tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari tomonidan amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlari o‘z maqsadlariga erishayotganidan dalolat beradi.
Odam savdosi muammosi bilan tanish bo‘lmaganlar sonining sezilarli darajada kamaygani uni yoritish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning muvaffaqiyatini tasdiqlaydi. Biroq ushbu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashishning uzoq muddatli samaradorligini ta’minlash va yolg‘on tasavvurlarni tarqatish xavfini minimallashtirish uchun nafaqat miqdoriy qamrovga, balki uzatilayotgan axborotning sifatiga ham alohida e’tibor qaratgan holda, axborot ishi strategiyasini takomillashtirishni davom ettirish zarur. Fuqarolarning odam savdosi haqidagi xabardorligi umumiy bilimlar darajasida bo‘libgina qolmasdan, balki uning mohiyati, oqibatlari va ushbu jinoyatdan himoyalanish usullari haqidagi aniq tushunchalarni qamrab olishi muhimdir.
So‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, odam savdosi muammosi bo‘yicha asosiy axborot manbasi ommaviy axborotni yetkazib berish bo‘yicha yetakchi va eng nufuzli kanal sifatida televideniye (76,8%) hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlar ommabopligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi (54,1%), lekin ularning mazmuni ko‘pincha buzib ko‘rsatishlarga duchor bo‘lishi mediasavodxonlikni oshirishni talab qiladi. Bosma nashrlar va Internetdagi yangiliklar saytlari ham o‘z ahamiyatini saqlab qolganligi namoyon bo‘ldi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, odam savdosi haqidagi axborotlar asosan yollash va aldov usullariga (48,3%) va muammo haqidagi umumiy ma’lumotlarga (41,2%) qaratilgan. Jabrlanganlarning hayotiy hikoyalari ham faol ravishda tarqatilmoqda (34,8%). Ayni paytda jinoyatchilar uchun jazolar (25,7%) va yordam uchun murojaat etishning foydalanish imkoni mavjud usullari (21,5%) kamroq muhokama qilinadi. Asosiy axborot materiallari muammo to‘g‘risidagi ogohlantiruvchi ma’lumotlar atrofida shakllanayotganini, tahliliy ma’lumotlar va himoyalanish usullariga kam e’tibor qaratilayotganini inobatga olgan holda, odam savdosidan himoyalanish usullari to‘g‘risidagi axborotlarni kengaytirish, muammoni yanada chuqurroq anglash uchun tahliliy va statistik ma’lumotlarni faolroq tarqatish, huquqiy axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, aholining xabardorligi va profilaktika ishlarini kuchaytirish maqsadida odam savdosi hodisasi haqidagi real hayotiy voqealardan foydalanish zarur.
Mamlakat fuqarolarining fikricha, odam savdosidan xabardorlik darajasi pastligining asosiy sababi mavzuga qiziqishning pastligi, shuningdek, ta’lim dasturlarining yetishmasligi hisoblanadi. Ushbu muammoni hal qilish uchun mamlakatimizning ta’lim-tarbiya muassasalarida ma’rifatni yaxshilash, axborot kampaniyalari va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni kuchaytirish zarur. Odam savdosi muammosini muhokama qilishda fuqarolarning ishtirokini faollashtirish, axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va profilaktika tadbirlariga turli ijtimoiy guruhlarni jalb etish lozim. Fuqarolarda o‘zgalar xavfsizligi uchun mas’uliyatni shakllantirish va ushbu mavzuni ochiq muhokama qilish uchun shart-sharoit yaratish muhim jihat hisoblanadi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning aksariyati (73,2%) odam savdosi va ekspluatatsiyasi holatiga tushib qolgan taqdirda, qayerga murojaat qilish kerakligidan yaxshi xabardor, 12,6% - umumiy tasavvurga ega, 14,2% respondentlar qayerga murojaat qilishni bilishmaydi.
O‘tkazilgan tadqiqot natijalari mamlakat fuqarolarining odam savdosi muammosidan yuqori darajada xabardor ekanligini ko‘rsatdi. Aksariyat respondentlarning (87,1%) uni o‘ta jiddiy muammo, deb ta’riflaganligi odam savdosi va ekspluatatsiyasi bilan bog‘liq tahdidlarning jiddiy e’tirof etilishini, shuningdek, uning keskinligi va umuman mamlakat xavfsizligi uchun dolzarbligi e’tirof etilishini tasdiqlaydi.
So‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, mehnat ekspluatatsiyasi - odamlardan arzon mehnatda foydalanish odam savdosining eng keng tarqalgan shakli hisoblanadi. Tarqalganligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni shahvoniy ekspluatatsiya egalladi. So‘rov ishtirokchilari, shuningdek, noqonuniy transplantatsiya va inson a’zolari bilan savdo, majburiy tilanchilik va noqonuniy farzandlikka olish uchun bolalar savdosi kabi shakllarning mavjudligi haqida fikr bildirishdi. Respondentlar majburiy nikohlar mavjudligini qayd etganligi esa majburiy nikoh masalasining dolzarbligini ta’kidlaydi. Oiladagi ekspluatatsiya ham asosiy muammoligicha qolmoqda, oiladagi zo‘ravonlik va mehnat ekspluatatsiyasi bilan bog‘langan muhim muammodir.
Odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilarning to‘riga tushib qolishga ko‘maklashuvchi asosiy omillar tezroq pul topish istagi, huquqiy savodxonlikning yetarli emasligi, tanqidiy tafakkurning mavjud emasligi, ishonuvchanlik, jinoyatning ushbu turidan xabardorlik darajasining pastligi va chet elga ketish istagi bo‘lishi mumkin.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, odam savdosining eng katta xavfi ishsizlar, yosh ayollar, yetim bolalar, mehnat muhojirlari, yosh yigitlar orasida, ayniqsa, xorijdan ish izlash jarayonida bo‘lishi mumkin. Ta’lim darajasi past va moliyaviy ahvoli og‘ir bo‘lgan odamlar yana qo‘shimcha zaif toifani tashkil qiladi.
Olingan ma’lumotlarga asoslanib, shunday xulosaga kelish mumkinki, garchi respondentlarning aksariyati odam savdosi muammosiga bevosita duch kelmagan bo‘lsa-da, uning mavjudligi dolzarb tahdid bo‘lib qolmoqda, bu haqda aholining salmoqli qismi, ayniqsa, yaqin-atrofidagi misollar orqali biladi. Bu muammoning yashirin, ammo real hodisaligicha qolayotganidan dalolat beradi va profilaktika choralarini kuchaytirish, xabardorlikni oshirish va sohadagi institutsional ishlarni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidlaydi. Odam savdosi nafaqat ma’rifiy ishlarni, balki fuqarolarning zaiflashuviga sabab bo‘layotgan ijtimoiy-psixologik omillarni yanada chuqurroq tadqiq etishni qamrab oladigan kompleks yondashuvni taqozo etadi.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, ekspluatatsiya domiga tushib qolishning asosiy usuli xorijda ishlash taklifi bo‘lib qolayotganligi migratsiya oqimini nazorat qilishni va ishga joylashtirish to‘g‘risidagi yolg‘on va’dalar orqali ishga yollashning oldini olish muhimligini ta’kidlaydi. Ishga yollashda tanishlar va qarindoshlar ham muhim rol o‘ynaydi, bu esa ekspluatatsiyaga tushib qolish jarayonida shaxsiy aloqalar mavjudligini tasdiqlaydi.
So‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, jabrlanganlar aksariyat hollarda odam savdosi va ekspluatatsiyasi sharoitlaridan ozod qilingan. Bu barcha qiyinchilik va xavf-xatarlarga qaramay, odamlar va ularning yaqinlari befarq qolmagani, yordam berish yo‘llarini topishga harakat qilganini ko‘rsatadi. Aksariyat hollarda ozod qilish qarindoshlar, huquqni muhofaza qilish organlari yoki jabrlanganlarning o‘z xatti-harakatlari tufayli sodir bo‘lgan. Biroq bunday sa’y-harakatlarga qaramasdan, odam savdosi muammosi real hodisa bo‘lib qolmoqda va ayrim hollarda jabrlanganlar hanuzgacha ekspluatatsiya sharoitida yashashda davom etmoqdalar.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, jabrlanganlar ozod bo‘lganidan so‘ng ularning ko‘pchiligi asosan o‘z huquqlarini tiklash va normal hayotga qaytish uchun huquqiy, tibbiy va psixologik yordam so‘rab murojaat etishgan. Biroq barcha jabrlanganlar ham ushbu qadamni qo‘yishga jur’at etmaydilar, bu ko‘pincha qo‘rquv, stigmatizatsiya va yordam olishning mavjud imkoniyatlarini bilmaslik bilan bog‘liq. Bu esa odam savdosi kompleks yondashuvni talab etadigan eng jiddiy va shafqatsiz ijtimoiy muammolardan biri bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi. Shu boisdan nafaqat xabardorlikni oshirish va profilaktika dasturlarini rivojlantirish, balki jabrlanganlarni barcha darajalarda qo‘llab-quvvatlash kerak. Migratsiya darajasi yuqori bo‘lgan va aholining zaif qatlamlari jamlangan hamda samarali yordam va profilaktika ishlari shunchaki suv bilan havodek zarur bo‘lgan mintaqalarga alohida e’tibor qaratilishi lozim.
Olingan ma’lumotlar O‘zbekistonda davlat tuzilmalarining odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlariga fuqarolarning yuqori darajadagi ishonchini namoyish etmoqda – aksariyat respondentlar mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha yetarlicha chora-tadbirlar ko‘rilayotganini, sohadagi jinoyatlarga chek qo‘yilishi va mavjud profilaktika mexanizmlarining samaradorligini e’tirof etishini ta’kidlashdi.
Jamoatchilik fikri odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishga nisbatan kompleks talabni shakllantirmoqda, bunda qo‘llab-quvvatlashning nomoddiy shakllari - psixologik, ijtimoiy va huquqiy shakllariga birinchi darajali ahamiyat berilmoqda. Bu tendensiya odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishning ustuvor yo‘nalishlari qayd etilgan so‘rov natijalarida yaqqol namoyon bo‘ldi. Respondentlarning fikriga ko‘ra, jabrlanganlar boshdan kechirgan chuqur jarohatga javoban psixologik qo‘llab-quvvatlash eng katta ahamiyatga ega (62,7%). Keyingi o‘rinlarda moliyaviy barqarorlik va huquqiy himoyaning muhimligi ta’kidlandi: moliyaviy yordam (52,7%) va huquqiy qo‘llab-quvvatlash (44,8%). Tiklanishning muhim qismi sifatida ish bilan ta’minlashda ko‘maklashish (41,7%) va tibbiy yordam (36,2%) ham e’tirof etildi, shuningdek, vaqtinchalik uy-joy bilan ta’minlash (11,5%) muhim chora hisoblanishi qayd etildi.
O‘zbekistonda odam savdosining profilaktikasini ijtimoiy idrok etish axborot, huquqiy, iqtisodiy va xalqaro yondashuvlarning mujassamligiga asoslanadi. 58,3% respondentlarning xabardorlikni oshirish zarurligini qayd etganligi uzoq muddatli ta’sir chorasi sifatida ma’rifatning ahamiyati ortib borayotganini ta’kidlaydi. Qonunchilikni qat’iylashtirishni qo‘llab-quvvatlash (43,5%) adolat va huquqiy himoyaga bo‘lgan ijtimoiy talabni aks ettiradi. Shu bilan birga, 32,6% respondentlar xalqaro o‘zaro hamkorlik muhimligini, 28,3% - ijtimoiy-iqtisodiy sharoit yaxshilanishining ahamiyatini ta’kidlashdi.
Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha javobgarlikni taqsimlash bo‘yicha jamoatchilik tasavvurining tahlili davlat organlariga ishonchning yuqori darajada ekanligini ko‘rsatdi: 68,9% respondentlar bu borada asosiy rolni huquqni muhofaza qilish organlariga, 48,3% - Tashqi ishlar vazirligiga, 44,6% esa Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga yuklashdi. Shu bilan birga, ta’lim muassasalari va ommaviy axborot vositalariga kamroq e’tibor qaratilgani profilaktika ishlari va ma’rifiy vazifalarni amalga oshirishda ularning ishtirokini kengaytirish, sektorlararo hamkorlikni mustahkamlash zarurligidan dalolat beradi.
So‘rov ishtirokchilarining aksariyati (79,5%) odam savdosining xavf-xatarlari to‘g‘risidagi ma’rifiy ishlarni o‘smirlik yoshigacha – maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich yoki o‘rta maktabda boshlash zarur, deb hisoblaydi, bu esa bolalarda xavfsizlik bo‘yicha asosiy ko‘nikmalarni barvaqt shakllantirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni bilish va o‘z vaqtida yordam so‘rash qobiliyatining ahamiyati to‘g‘risida jamoatchilik tushunchasi o‘sib borayotganidan dalolat beradi.
Odam savdosiga qarshi kurashish masalalarida fuqarolik faolligining vektori ma’rifiy, ko‘ngillilik va huquqni himoya qilish faoliyati tomon surilmoqda, degan xulosaga kelish mumkin. Respondentlarning deyarli yarmi (48,4%) - ta’lim tashabbuslarida, uchdan biridan ko‘prog‘i - ko‘ngillilik faoliyatida (33,8%) va huquqiy qo‘llab-quvvatlashda (32,7%) ishtirok etishga tayyor ekanligi nafaqat ijtimoiy yetuklikning yuqori darajasini, balki keng auditoriya uchun ochiq bo‘lgan shaxsiy ishtirokning amaliy shakllariga bo‘lgan ehtiyojni ham aks ettiradi. Ushbu yo‘nalishlarga barqaror qiziqish aholini profilaktik sa’y-harakatlarga jalb etishning inklyuziv va ommaviy shakllarini rivojlantirish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Olingan ma’lumotlar aholi o‘rtasida xabardorlik va profilaktik xulq-atvorning shakllanayotgan madaniyatidan dalolat beradi. Aksariyat respondentlar davlat institutlariga yuqori darajadagi ishonchi va o‘z bilimiga tayanishini bildirib, o‘zlari va yaqinlarini odam savdosi bilan bog‘liq xavf-xatarlardan himoya qilishga tayyorligini namoyish etishdi. Shu bilan birga, huquqiy axborotdan foydalanish imkonini kengaytirish, huquqiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish va yordam so‘rab murojaat etish kanallarini kuchaytirish zarurati saqlanib qolmoqda.
Umuman olganda, o‘tkazilgan tadqiqot natijalarining tasdiqlashicha, odam savdosi ko‘p qirrali favqulodda ijtimoiy hodisa bo‘lib, uning asosida aholining ayrim guruhlari zaifligini oshiruvchi turli ijtimoiy-iqtisodiy, shaxsiy va madaniy omillar yotadi. Odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar to‘riga tushib qolishning eng katta xavfi fuqarolarning o‘zlari bilan bog‘liq, chunki ular uchun hayotiy qiyinchiliklar, iqtisodiy beqarorlik va yetarli darajada xabardor bo‘lmaslik ekspluatatsiya domiga tushib qolishning katalizatorlari hisoblanadi. Birinchi navbatda, iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan ishsizlar, mehnat muhojirlari, yosh xotin-qizlar va erkaklar hamda notinch oilalar farzandlarining jinoiy to‘rlarga tushib qolish xavfi juda yuqori, binobarin, ijtimoiy sharoit va yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmaslik ularni ekspluatatsiya qilish uchun qulay zamin yaratadi. Ishonuvchanlik, soddalik, o‘ziga ishonmaslik va o‘ziga past baho berish kabi ruhiy-hissiy jihatlar ham odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar tomonidan bo‘ladigan manipulyatsiyalarga moyillikni oshirib, inson zaifligini sezilarli darajada ko‘paytiradi. Odam savdosiga qarshi samarali kurashish uchun turli xil xavf-xatar va ojizlik omillarini, shu jumladan, ham ijtimoiy-iqtisodiy va ruhiy-hissiy, ham tizimli omillarni hisobga olish zarur. Tadqiqot natijalari bilan ijtimoiy himoyani kuchaytirish, fuqarolar o‘rtasida ta’lim va xabardorlik darajasini oshirish, shuningdek, aholining zaif qatlamlarini himoya qilish uchun huquqiy infratuzilma va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuv zarurligi ta’kidlanadi.
Raximova Nigina Xayrullayevna,
«Ijtimoiy fikr» RJFO‘M direktori, i.f.d