O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasida intellektual bojxona postlari ishga tushiriladi
“G‘ishtko‘prik” – “Jibek joli” chegara o‘tkazish punktlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada faollashtirish, tranzit salohiyatini oshirish va chegara nazoratini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga xizmat qiladi. Zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan jihozlangan yangi bojxona infratuzilmasi fuqarolar va tadbirkorlar uchun yanada qulay hamda tezkor xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Nasirov hamda Qozog‘iston Respublikasi Davlat daromadlari qo‘mitasi raisi Jandos Duysimbiyev boshchiligidagi delegatsiyalar “G‘ishtko‘prik” – “Jibek joli” chegara o‘tkazish punktlarida amalga oshirilayotgan qurilish va modernizatsiya ishlarining borishi bilan tanishdi.

Dastlab mehmonlar mamlakatimizda to‘liq yangidan barpo etilgan “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Keyingi yillarda Prezident rahbarligida chegara infratuzilmasini modernizatsiya qilish, uni xalqaro standartlarga moslashtirish, o‘tkazuvchanlik salohiyatini oshirish va raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shu ishlar natijasida “G‘ishtko‘prik” nafaqat yangi qiyofa kasb etdi, balki intellektual bojxona majmuasi sifatida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Majmuada avtomatlashtirilgan nazorat tizimlari, yuqori aniqlikdagi inspeksion-skanerlash uskunalari, xavflarni boshqarishning zamonaviy mexanizmlari va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilgan. Bu esa chegara orqali harakatlanuvchi fuqarolar, transport vositalari va tovarlarni tezkor hamda shaffof tarzda nazoratdan o‘tkazish, rasmiylashtiruv jarayonlarini sezilarli darajada soddalashtirish imkonini beradi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari mazkur postga tutash Qozog‘iston Respublikasining “Jibek joli” bojxona postida amalga oshirilayotgan qurilish ishlarini ham ko‘zdan kechirdi. Ushbu majmua ham zamonaviy muhandislik yechimlari va raqamli boshqaruv texnologiyalari asosida barpo etilmoqda.
Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat bojxona xizmatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, tovarlar va transport vositalari bo‘yicha elektron ma’lumotlar almashinuvini rivojlantirish, qo‘shma raqamli yechimlarni joriy etish hamda chegara nazorati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, “G‘ishtko‘prik” va “Jibek joli” postlarining to‘liq ishga tushirilishi ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo hajmini oshirish, tranzit tashuvlarini jadallashtirish, logistika yo‘laklarining raqobatbardoshligini kuchaytirish hamda chegaradan o‘tish jarayonlarini yanada qulaylashtirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA