Senat: ma’muriy islohotlar samaradorligi oshiriladi, davlat fuqarolik xizmati takomillashadi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tuzilmasi hamda davlat fuqarolik xizmati tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov professional davlat boshqaruvi tizimini yaratish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Davlat xizmatchilari ishining natijadorligini ta’minlash, aholining davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga e’tibor qaratilmoqla.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuriga o‘tkazildi, shuningdek davlat fuqarolik xizmati tizimi takomillashtirildi.
Shu munosabat bilan qonunchilik hujjatlarining o‘zaro muvofiqligini ta’minlash, davlat fuqarolik xizmati, sud, prokuratura, ichki ishlar va bojxona organlari, Milliy gvardiyada xizmatni o‘tash tizimi va tartibini takomillashtirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida tashkil etilgan Boshqaruv samaradorligi agentligining huquqiy maqomi mustahkamlanib, davlat fuqarolik xizmatiga oid hujjatlarni majburiy kelishish tizimi joriy etilmoqda.
Prokuratura, ichki ishlar, Milliy gvardiya xodimlari va sudyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga ishga o‘tganda ularning avvalgi xizmat joyi bo‘yicha kadrlar zaxirasida saqlanib qolishi kafolatlanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar samaradorligini oshirish, davlat fuqarolik xizmatini o‘tash tartibini takomillashtirish hamda Milliy gvardiya, sud, prokuratura, ichki ishlar va bojxona organlarining faoliyati uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA