O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida agrar sohadagi amaliy hamkorlik kengaymoqda
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Tojikiston Respublikasiga tashrifi doirasida FAOning Yevropa uchun 35-mintaqaviy konferensiyasida ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro tadbir doirasida Ibrohim Abdurahmonov Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gvido De Sankts bilan uchrashuv o‘tkazdi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida sohadagi hamkorlik aloqalarining bugungi holatini tahlil qilib, yangi bosqichga olib chiqish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuvda agrar ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar yo‘nalishidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, o‘zbekistonlik talabalarni Italiya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishga yuborish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashabbuslar yuqori baholandi.
Tomonlar mazkur dasturlar yosh mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalar, ilg‘or ilmiy yondashuvlar hamda xalqaro tajribalarni mamlakatimiz qishloq xo‘jaligiga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shuningdek, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini kengaytirish, suv tejovchi texnologiyalar hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan takliflar ilgari surildi.
M.Hojiakbarova, O‘zA