Markaziy Osiyoda suv siyosati yangi bosqichga chiqmoqda: To‘qtog‘ul bo‘yicha yozgi jadval rasman tasdiqlandi
Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish masalasiga keyingi yillarda faqat ekologik yoki qishloq xo‘jaligi muammosi emas, balki mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy barqarorlikning asosiy omili sifatida qaralmoqda.
Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va energiya iste’molining ortishi sharoitida davlatlar o‘rtasidagi suv diplomatiyasi yangi bosqichga chiqmoqda. Shu nuqtai nazardan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida yozgi mavsum boshida sug‘orish suvini yetkazib berish jadvallarining rasman tasdiqlangani mintaqaviy hamkorlikdagi muhim siyosiy-iqtisodiy voqea sifatida baholanmoqda.
Toshkent shahrida uch davlat suv-energetika idoralari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha uch tomonlama bayonnoma imzolandi. Ushbu hujjat orqali yaqin ikki oy uchun To‘qtog‘ul suv omboridan suv chiqarish hajmlari va rejimlari aniq jadval asosida kelishib olindi.

Mutaxassislar fikricha, suv taqsimoti bo‘yicha jadvalning oldindan e’lon qilinishi fermerlar, suv xo‘jaligi tashkilotlari va energetika tizimi uchun prognoz qilish imkoniyatlarini kengaytiradi, vegetatsiya mavsumidagi xavf-xatarlarni kamaytiradi.
Uchrashuvda qatnashgan tomonlar janubiy hududlarni sug‘orish suvi bilan barqaror ta’minlash ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, kelishuv nafaqat suv taqsimoti, balki mintaqa davlatlari o‘rtasidagi ishonch va o‘zaro muvofiqlashuv mexanizmini mustahkamlash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Keyingi yillarda Markaziy Osiyoda suv-energetika muvozanatini ta’minlash davlatlararo munosabatlarning eng dolzarb yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Ma’lum qilinishicha, mazkur kelishuvdan avval ham mavsumlararo muvofiqlashtirish ishlari olib borilgan. Xususan, Qozog‘iston tomoni Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib bergan. Bu esa To‘qtog‘ul suv omboridagi suv zaxiralarini qishki energetik ehtiyojlar uchun ortiqcha sarflamasdan, asosan yozgi sug‘orish davri uchun saqlab qolish imkonini yaratgan. Ekspertlar bu mexanizmni “suv – energetika almashinuvi” modeli sifatida baholayapti.
Shuningdek, uch davlat idoralari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi iyun oyi o‘rtalarida Bishkek shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda iyul-sentabr oylari uchun suv yetkazib berish hajmlari va yangi jadvallar kelishib olinadi.
Tahlilchilarga ko‘ra, bu kabi kelishuvlar kelajakda Markaziy Osiyoda yagona suv-energetika makoni shakllanishi uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Chunki suv resurslarini muvofiqlashtirilgan tarzda boshqarish nafaqat qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshiradi, balki mintaqa iqtisodiy barqarorligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA