O‘zbekiston va Germaniya: elektrotexnika sohasida hamkorlik kengaytiriladi
Mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Bu borada energiya saqlash tizimlari va akkumulyator texnologiyalari yo‘nalishida yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan muloqotlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu doirada “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov Germaniyaning “VARTA AG” kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi Gyunter Apfalter bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda elektrotexnika sanoati, xususan, akkumulyator texnologiyalari va energiya saqlash tizimlari sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida yurtimizda elektrotexnika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari hamda eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, xorijiy kompaniyalar ishtirokida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish va innovatsion yechimlarni joriy etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar uchrashuv yakunida elektrotexnika sohasidagi sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirish, yangi investitsiyaviy va texnologik loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish muhimligini qayd etdi.
Uyushma axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur muloqot ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash va istiqbolli tashabbuslarni amaliy bosqichga olib chiqish uchun muhim qadamdir.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA