G‘oliblar respublika bosqichida qatnashadi
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi sport maktabida belbog‘li kurash bo‘yicha viloyat chempionatining saralash musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning tantanali ochilishida ta’kidlab o‘tilganidek, kurash – eng qadimiy sport turlaridan hisoblanib, uch ming yillik tarixga ega. Yillar o‘tib, u milliy qadriyatlarimizdan biri sifatida ommalashib, bugungi kunda yirik sport yo‘nalishiga aylandi.


Viloyat chempionatida 12 ta tumandan 200 dan ortiq kurashchilar bel olish uchun to‘plandi. 2006-2008-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar ikki kun davomida g‘oliblik uchun gilamda kuch sinashdi.

Tadbirda Namangan viloyati belbog‘li kurash federatsiyasi raisi, To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Sherali Qosimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Ne’matulla To‘ychiyev bunday sport tadbirlari o‘sib kelayotgan yosh avlodni nafaqat jismonan chiniqtirish, balki polvonlarni mard va oriyatli etib tarbiyalashga xizmat qilajagini ta’kidladi.

Musobaqa g‘oliblari aniqlanib, munosib taqdirlandi. Eng kuchli pahlavonlar Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tadigan respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA